Prezident inflyatsiyani jilovlash va oziq-ovqat xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi

Iqtisodiyot

Inflyatsiyani jilovlash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va iqtisodiyotni tashqi xatarlarga tayyorlash Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining asosiy mavzularidan bo‘ldi. Davlat rahbari narxlarni barqarorlashtirish, chorvachilikni rivojlantirish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralarni belgilab berdi.

Prezident inflyatsiyani jilovlash va oziq-ovqat xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi
Prezident inflyatsiyani bozorni tovar va xizmatlar bilan to‘ldirish orqali pasaytirish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Birinchi yarim yillikda inflyatsiyani 3 foizdan oshirmaslik maqsadiga faqat Samarqand viloyati erishgani qayd etildi.

Go‘sht bozoridagi vaziyat alohida muhokama qilindi. Aprel–iyun oylarida narxlar 6–8 foizga oshgani sababli import qilinadigan go‘shtni havo transportida tashish xarajatlarini qoplash uchun 300 milliard so‘m ajratildi. Natijada Toshkent shahri va Toshkent viloyati tadbirkorlari 1,3 ming tonna go‘sht olib keldi. Prezident hududlar kesimida go‘sht balansini qayta ko‘rib chiqish va import hajmlarini aniq belgilashni topshirdi.

Qishloq xo‘jaligi ro‘yxati qoramollar soni 2,1 million boshga, qo‘y va echkilar esa 1,5 million boshga kamayganini ko‘rsatdi. Chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 trillion so‘m va qo‘shimcha 50 million AQSH dollari ajratiladi. Yil oxirigacha 100 ming bosh qoramol hamda 150 ming bosh qo‘y va echki import qilish vazifasi belgilandi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Intervensiya tizimidagi kamchiliklar sabab 325 ming tonna kartoshka sotilmay qolgan. Hukumatga yil oxirigacha umumiy sig‘imi 87 ming tonna bo‘lgan 340 ta sovutkich omborini ishga tushirish va oziq-ovqat zaxiralarini ko‘paytirish topshirildi.

Prezident jahon iqtisodiyotidagi noaniqlik sharoitida barcha rahbarlar ehtimoliy xatarlarga tayyor bo‘lishi zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda Iqtisodiy kengash va 9 ta ishchi guruh tashkil etilib, ular 15-avgustga qadar 2027-yil uchun makroiqtisodiy, investitsiya va eksport dasturlarini “mobilizatsiya ssenariysi” asosida tayyorlaydi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing