Prezident mamlakatning bir guruh tadbirkorlarini mukofotladi

O'zbekiston

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat iqtisodiyoti, eksport salohiyatini kengaytirish, innovatsiyalarni joriy etish va aholi farovonligini oshirishga ulkan hissa qo‘shgan tadbirkorlar, olimlar va biznes vakillarini mukofotlash to‘g‘risida farmon imzoladi.

Prezident mamlakatning bir guruh tadbirkorlarini mukofotladi
Mukofot egalari orasida to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, logistika va moliya sohalarida yetakchi korxona rahbarlari va asoschilari bor. Ularning investitsiyalar jalb qilish, import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashdagi sa’y-harakatlari alohida ta’kidlandi.

Faxriy unvon «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor» Kamol Abdulloyev («Sam Antep Gilam»), Abdulhoshim Ismoilov («Ravon taraqqiyot orzusi»), Farxod Mamatjanov («Uztex») va Zafar Xashimovga («Anglesey Food») berildi.

«O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator» unvoni Toshkent kimyo-texnologiya instituti professori Gappar Raxmanberdiyevga topshirildi.

«Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan «Akfa Group» asoschisi Jaxongir Artikxodjayev taqdirlandi.

«Mehnat shuhrati» ordeni «Chartak Mineral Water», «Leichter Kamalak Textilien», «Meridian Tempo» va boshqa yirik ishlab chiqarish korxonalari rahbarlariga topshirildi.

«Do‘stlik» ordeni «Grand Pharm Trade», «Shakhrisabz Med Center», «Xo‘jaobod Fayz-M», «Zomin Brewery» rahbarlari, shuningdek, milliy suzane kashtachilik ustasi Madina Qosimbaevaga berildi.

«Shuhrat» medali esa kichik va o‘rta biznes vakillari, fermer xo‘jaliklari, ta’lim va IT sohasidagi yetakchilar, jumladan «Click», «InFinBank», «Datasite Technology» asoschilari, shuningdek hunarmand va olimlarga topshirildi.

Davlat rahbari bu mukofotlar — o‘z g‘oyalari, mehnati va tashabbuslari bilan yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan insonlarga bo‘lgan e’tirof ekanini ta’kidladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing