Prezident Markaziy Osiyo mamlakatlari parlament delegatsiyalari rahbarlarini qabul qildi

O'zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasi doirasida 7-aprel kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazib, mintaqaviy sheriklikni chuqurlashtirishga intilish qat’iy ekanini ta’kidladi.

Prezident Markaziy Osiyo mamlakatlari parlament delegatsiyalari rahbarlarini qabul qildi
Muzokaralarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston parlamentlari raislari ishtirok etdi. Muloqot chog‘ida mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarning tarixiy ahamiyati, jumladan, chegaraoldi masalalari to‘liq tartibga solingani, Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani alohida qayd etildi.

Tomonlar 4-aprel kuni Samarqandda o‘tgan "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" sammiti va Iqlim forumi yakunlarini yuqori baholadilar, shuningdek, tovar ayirboshlashning o‘sishi, chegaraoldi savdosi, kooperatsiya loyihalari va madaniy-ma’rifiy aloqalar kengayib borayotganini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Prezidenti parlamentlararo muloqotning qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, xalqlarni yaqinlashtirish va mintaqada gumanitar almashinuvni kengaytirish vositasi sifatidagi ahamiyatini alohida qayd etdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing