Prezident Shavkat Mirziyoyev III Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zladi

O'zbekiston

Davlatimiz rahbari forum ishtirokchilarini samimiy qutlab, yildan-yilga yaxshi an’anaga aylanib borayotgan ushbu format doirasida yurtimizda dunyoning barcha qit’alaridan yangidan-yangi ishonchli hamkorlar jam bo‘layotganini ta’kidladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev III Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zladi
Prezident bugungi anjuman global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanish yo‘lida xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrga to‘g‘ri kelayotganini qayd etdi.

"Albatta, biz bugun jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketayotganini yaxshi tushunamiz. Biroq bir o‘zgarmas haqiqat tobora oydinlashmoqda. Hech bir mamlakat bu kabi o‘tkir muammolarni yakka holda hal eta olmaydi. O‘zaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni bo‘lib qolaveradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O’zbekistonda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qat’iy qadamlar tashlangani qayd etildi. Xususan, oxirgi yillarda O’zbekistonda $60 milliarddan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining $14 milliarddan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing