Putin Ukrainada "vaqtinchalik boshqaruv" joriy etishni taklif qildi

Dunyo

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada "vaqtinchalik boshqaruv" joriy etish masalasini muhokama qilishni taklif qildi. Uning fikricha, bu orqali mamlakatda demokratik saylovlar o‘tkazish va shundan keyingina tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni boshlash mumkin bo‘ladi.

Putin Ukrainada "vaqtinchalik boshqaruv" joriy etishni taklif qildi
Putinning bu bayonoti payshanba, 27-mart kuni, "Arxangelsk" atom suvosti kemasi dengizchilari bilan uchrashuv chog‘ida yangradi. Bu haqida Rossiyaning bir qator axborot agentliklari va onlayn nashrlari xabar berdi.

"Umuman olganda, albatta, BMT, AQSh va Yevropa davlatlari, shuningdek, bizning hamkorlarimiz va do‘stlarimiz ishtirokida Ukrainada vaqtinchalik boshqaruv o‘rnatish imkoniyatini muhokama qilish mumkin edi. Bu orqali mamlakatda demokratik saylovlar o‘tkazilib, xalq ishonchiga sazovor bo‘ladigan va harakatga qodir hukumat shakllantiriladi. Keyinchalik aynan shu hukumat bilan tinchlik bitimi bo‘yicha muzokaralar olib borish mumkin bo‘lardi", — dedi Putin. Uning so‘zlarini "Interfaks" agentligi keltirdi.

Putinning fikricha, bunday sharoitda tuzilgan Ukraina hukumati bilan "butun dunyo tomonidan tan olinadigan va ishonchli bo‘lgan qonuniy hujjatlar"ni imzolash mumkin bo‘ladi.

"Biroq bu faqat bitta variant. Men boshqa variantlar yo‘q demayman. Lekin bu variant ham mavjud va BMT amaliyotida bunga o‘xshash holatlar bo‘lgan", — dedi Putin. U BMT tinchlikparvar missiyalari doirasida tashqi boshqaruv yoki vaqtinchalik administratsiya joriy etilgan davlatlar sifatida Sharqiy Timor, Papua-Yangi Gvineya va sobiq Yugoslaviyaning ayrim hududlarini misol qilib keltirdi.

Putinning bu taklifi bo‘yicha Ukraina rasmiylari hali izoh bermadi. Biroq AQSh hukumati Kreml pozitsiyasini e’tiborsiz qoldirmadi. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining rasmiy vakili "Ukrainadagi boshqaruv mamlakat konstitutsiyasi va uning xalqi tomonidan belgilanadi", — deb bayonot berdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing