Qozog‘iston O‘zbekistonga yangi elchi tayinladi

Siyosat

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev diplomatik korpusda kadrlar o‘zgarishini amalga oshirib, Yerali Tugjanovni Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinladi. Tegishli farmon bilan ushbu lavozimda faoliyat yuritgan Beybut Atamqulov vazifasidan ozod etildi.

Qozog‘iston O‘zbekistonga yangi elchi tayinladi
Yerali Tugjanov yangi tayinlovga qadar Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenovning maslahatchisi lavozimida ishlagan. Davlat xizmatidagi faoliyati davomida u Qarag‘anda viloyati hokimi o‘rinbosari, Din ishlari qo‘mitasi raisi, Qozog‘iston xalqi assambleyasi raisi o‘rinbosari, Mang‘istau va Aqto‘be viloyatlari hokimi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi hamda bir necha bor Bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Yerali Tugjanov 1963-yil 13-mayda G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida tug‘ilgan. U Qarag‘anda davlat universiteti hamda Qozog‘iston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq institutini huquqshunos mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Yangi elchining tayinlanishi Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi kadrlar qarori bo‘ldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing