Quvaytning yirik kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirib keladi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kuvaytga rasmiy tashrifi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Eng yirik investitsiya guruhlari bilan muzokaralar doirasida tibbiyot, sanoat, logistika va energetika sohalarida keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Quvaytning yirik kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirib keladi
Davlatimiz rahbari Kuvaytga rasmiy tashrif doirasida ushbu mamlakat iqtisodiyotining muhim sohalari yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tibbiyot sohasini rivojlantirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Prezident "Gulf Care General Trading" rahbari Iyad as-Solih bilan O‘zbekistonda xususiy klinikalar va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishga investitsiya kiritish istiqbollarini muhokama qildi.

Logistika va savdo masalalariga ham katta e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari "Agility Logistics" kompaniyasining O‘zbekistonda yirik logistika markazini tashkil etish va ko‘rfaz mamlakatlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Energetika, qurilish va moliya sohalaridagi loyihalar ham muhokama qilindi. "Action Group Holdings" kompaniyasi gidroelektr stansiyalarini qurish va foydali qazilmalarni qayta ishlashga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi, "Fouad Alghanim & Sons" esa davlat-xususiy sheriklik doirasida tibbiyot va ta’lim muassasalarini qurish niyatida.

Bundan tashqari, "Kamco Invest" bilan xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, "Kuwait Investment Company" agrosanoat majmuasi va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni ko‘rib chiqadi.

Kuvaytdagi muzokaralar Yaqin Sharqdagi sheriklarning O‘zbekistonda biznesni rivojlantirishga qiziqishi yuqori ekanini tasdiqladi. Erishilgan kelishuvlar xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, ish o‘rinlari yaratish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing