Raqobat qo'mitasi Haj va Umra ziyoratchilarini ogohlantirdi

O'zbekiston

Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma'lum qilishicha, so‘nggi vaqtlarda internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali ruxsatnoma va litsenziyaga ega bo‘lmagan firmalar tomonidan arzon narxlarda “Umra” safarlarini taklif etayotgan reklamalar paydo bo‘lgan. Bunday holatlar fuqarolarning aldanishi, pul yo‘qotishi va eng yomoni, xorijda muammoga duch kelishiga sabab bo'lmoqda.

Raqobat qo'mitasi Haj va Umra ziyoratchilarini ogohlantirdi
Masalan:

“Panorama Airways” va “Gulbakhor Airways” firmalari tomonidan 2 558 nafar ziyoratchiga jami 25 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.

Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Bilolbek Travel” MChJ xodimi N.J. fuqaroni 14 million 900 ming so‘m miqdoridagi pulidan aldov yo‘li bilan mahrum qilgan.

Shu firmaga qarashli Boysun tuman filialida esa A.S. ismli xodim fuqaro H.M.ni ishonchga kirib, undan 2 200 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olib qo‘ygan.

Mazkur holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonuniy chora-tadbirlar ko‘rilgan.

Ma’lumot uchun, umra ziyoratini tashkil etish bilan bog‘liq faoliyat Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi 364-sonli va 2024-yil 12-oktabrdagi 668-sonli qarorlari asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, 2024-yil 2-iyulda qabul qilingan o‘zgartirishlarga ko‘ra, “Umra” xizmatlari alohida litsenziyalanadigan faoliyat turi sifatida belgilangan.

Bugungi kunda ushbu faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan atigi 12 ta rasmiy turoperator mavjud bo‘lib, ular ro‘yxat asosida faoliyat yuritmoqda. Litsenziyasiz xizmat ko‘rsatish qat’iyan taqiqlangan.

Fuqarolar yuqoridagi kabi holatlarga duch kelishganda, 1159 ishonch raqamlariga murojaat qilishlari mumkin.


Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing