Rossiya fregati Buyuk Britaniya qirg‘oqlari yaqinida jangovar o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi

Dunyo

Rossiyaning “Neustrashimiy” qo‘riqlov kemasi Buyuk Britaniya qirg‘oqlari yaqinidagi xalqaro suvlarda jangovar o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Kema harakatlari Britaniya Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan kuzatildi va hodisa mamlakat yaqinidagi harbiy faollikning navbatdagi ko‘rinishi sifatida baholanmoqda.

Rossiya fregati Buyuk Britaniya qirg‘oqlari yaqinida jangovar o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi
Britaniya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlar Plimut shahridan 40 dengiz mili (taxminan 74 km) uzoqlikda bo‘lib o‘tgan. O‘q uzishdan avval Rossiya kemasi Britaniyaning HMS Tyne patrul kemasini ogohlantirib, xavfsiz masofaga chekinishni so‘ragan. Shundan so‘ng Britaniya kemasi o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgan, xalqaro suvlarda o‘tkazilgan mashg‘ulotlar esa qariyb 30 daqiqa davom etgan.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Qirollik Harbiy-dengiz floti Rossiya kemasi harakatlarini kuzatishda davom etayotganini ma’lum qildi. BBC xabariga ko‘ra, “Neustrashimiy”ni Fransiyaning harbiy samolyoti ham kuzatgan va radioaloqa orqali uning maqsadlariga aniqlik kiritgan.

Hodisa Rossiya harbiy kemalarining Buyuk Britaniya yaqinidagi faolligi ortib borayotgan bir paytda yuz berdi. Iyun oyida Britaniya maxsus kuchlari Rossiyaning “soya floti” bilan bog‘lanayotgan neft tankerida operatsiya o‘tkazgan edi. Rossiya harbiy kemalari muntazam ravishda Buyuk Britaniya va Fransiya hududiy suvlari orasidagi La-Mansh bo‘g‘ozining xalqaro suvlari orqali harakatlanadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing