Rossiyada Davlat Dumasi saylovlari yakunlandi: dastlabki natijalar e’lon qilindi

Dunyo

Rossiyada 18–20-sentabr kunlari o‘tkazilgan Davlat Dumasi saylovlaridagi uch kunlik ovoz berish yakunlandi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 83,52 foiz bayonnoma qayta ishlangach, “Yedinaya Rossiya” federal ro‘yxat bo‘yicha 57,82 foiz ovoz olgan.

Rossiyada Davlat Dumasi saylovlari yakunlandi: dastlabki natijalar e’lon qilindi
KPRF 13,84 foiz bilan ikkinchi, LDPR 8,77 foiz bilan uchinchi o‘rinda. “Novye lyudi” 7,07 foiz ovoz olgan. “Spravedlivaya Rossiya” esa hozircha 4,99 foiz natija qayd etib, 5 foizlik parlament to‘sig‘idan o‘ta olmayapti. Natijalar dastlabki bo‘lib, bayonnomalar qayta ishlanishi davomida o‘zgarishi mumkin.

“Yedinaya Rossiya” nomzodlari 225 ta bir mandatli okrugning 208 tasida yetakchilik qilmoqda. KPRF beshta, “Spravedlivaya Rossiya” va o‘zini o‘zi nomzod qilganlar to‘rttadan, LDPR ikki okrugda oldinda. Yana bir okrugda “Rodina” vakili yetakchilik qilmoqda.

Rossiya bo‘yicha dastlabki saylovchilar faolligi qariyb 57 foizni tashkil etdi. MSK yakuniy ma’lumotlarida ovoz berish tugashi arafasida bu ko‘rsatkich 56,66 foiz bo‘lgani qayd etilgan.

Saylov uch kun davomida an’anaviy va masofaviy elektron ovoz berish shakllarida o‘tkazildi. Rossiya rasmiylari saylov jarayoniga aloqador raqamli infratuzilmaga kiberhujumlar uyushtirilgani haqida ham ma’lum qildi.

Ovoz berish Rossiyadan tashqarida ham tashkil etildi. Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 152 mamlakatda 326 ta saylov uchastkasi faoliyat yuritib, xorijda qariyb 212 ming kishi ovoz bergan.

Davlat Dumasi 450 deputatdan iborat: ularning yarmi federal partiya ro‘yxati, qolgan yarmi bir mandatli okruglar orqali saylanadi. Hozirgi natijalar dastlabki bo‘lib, yakuniy ko‘rsatkichlar barcha ovozlar hisoblab chiqilgach belgilanadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing