Saudiya Arabistoni O‘zbekistondan malakali ishchilarni jalb etishni rejalashtiryapti

Iqtisodiyot

Ar-Riyod shahrida O‘zbekiston fuqarolarini Saudiya Arabistoniga qonuniy tarzda ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Saudiya Arabistoni O‘zbekistondan malakali ishchilarni jalb etishni rejalashtiryapti
O‘zbekiston elchixonasida elchi Ulug‘bek Maqsudov Saudiya Arabistonining K-Dot Partners kompaniyasi ijrochi direktori Faysal al-Dovud bilan uchrashdi. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.

Qayd etilishicha, muloqot chog‘ida Saudiya Arabistoniga O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy tarzda ishga jalb qilish masalalari muhokama qilingan.

Saudiya vakili O‘zbekistonda “Dhaef Global Recruitment” kompaniyasini tashkil etganini ma’lum qildi va mazkur kompaniya Saudiya Arabistoniga o‘zbekistonlik ishchilarni qonuniy tarzda jalb etishga ko‘maklashishini bildirgan.

Ma’lum qilinishicha, ishga qabul qilingan va shartnoma imzolagan ishchilar Saudiya Arabistoni Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vazirligi tomonidan mutaxassisligi bo‘yicha ishlab chiqilgan “Musanid” platformasi orqali viza bilan ta’minlanadi.

“Dhaef Global Recruitment” ayni paytda O‘zbekistondagi “Hilton Academy” o‘quv-mashg‘ulot markazi bilan hamkorlik o‘rnatib, ishga jalb etilganlarni tajriba ko‘nikmalari, ingliz va arab tili bo‘yicha bilimlarini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarni tashkil qilgan. O‘zbekistonda amaliyot o‘tab, podshohlikka kelgan ishchilar ushbu davlatdagi “Mahara” o‘quv markazida takroran amaliyot o‘taydi va o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga taqsimlanadi.

Xizmat ko‘rsatish, aviatsiya, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, qurilish sohalariga O‘zbekistondan malakali ishchilarni jalb etish rejalashtirilgan. Shuningdek, Saudiya Arabistonida oshpaz va ofitsiantlarga talab yuqori bo‘lgani bois mazkur yo‘nalishda ham ishchilarni yollash nazarda tutilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing