Shavkat Mirziyoyev Jizzax Organic chorvachilik klasteriga tashrif buyurdi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Zomin tumanidagi Jizzax Organic chorvachilik klasteri faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Jizzax Organic chorvachilik klasteriga tashrif buyurdi
Jizzax Organic klasteri 10 ming bosh qoramol, 4 ming bosh qo‘y yetishtirish quvvatiga ega. Yiliga 5 ming tonnagacha go‘sht yetishtiriladi. Bu yerda 750 kishi doimiy ishlaydi.

Korxonada barcha ish jarayonlari raqamlashtirilgan. Ekin yerlarining 1 ming 300 gektariga suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Bu ishlar uchun Avstraliya, Germaniya va AQSHdan zamonaviy uskunalar keltirilgan. Umuman, klasterda qiymati o‘n million dollarlik 200 ga yaqin texnika bor. Yana bir muhim jihati, bu yerda seleksiya va genetik ishlar uchun ham imkoniyatlar bor.

Davlatimiz rahbariga klasterning yangi loyiha va rejalari haqida axborot berildi.

Qayd etilganidek, 28 million dollar sarmoya evaziga yiliga 20 ming tonna sut va 5 ming tonna go‘shtni qayta ishlash ko‘zda tutilgan. Yana 2 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish orqali ozuqa yetishtiriladi.

Klaster tomonidan Zomin, Zarbdor va Yangioboddagi 15 ta mahallada “Angus” zotli qoramolni ko‘paytirib, sotib olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Banklar orqali mahallalarga beriladigan moliyaviy xizmatlar to‘plamida chorvachilikni ham nazarda tutish, ozuqa yemni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuning bilan davlatimiz rahbarining Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing