Shavkat Mirziyoyev Jorjia Melonini tarixiy yutug‘i bilan tabrikladi

O'zbekiston

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Jorjia Meloniga maktub yo‘llab, uni Italiya siyosiy tarixiga kirgan yutug‘i bilan tabrikladi. O‘zbekiston Prezidenti Meloni Italiya hukumatiga eng uzoq muddat rahbarlik qilgan hukumat rahbari sifatida tarixga kirganini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Jorjia Melonini tarixiy yutug‘i bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev bu yutuq Italiya xalqining Jorjia Melonining siyosiy irodasi, qat’iyati va yuksak davlat mas’uliyatiga bo‘lgan ishonchining yorqin ifodasi ekanini qayd etdi.

Maktubda Jorjia Melonining Italiyaning milliy manfaatlarini izchil himoya qilish, mamlakatning Yevropa Ittifoqidagi va xalqaro maydondagi nufuzi hamda ta’sirini yanada mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlariga alohida e’tibor qaratildi. Prezident bu faoliyatni bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan sharoitda muhim ekanini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Jorjia Meloniga O‘zbekistonga do‘stona munosabati va ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni izchil kengaytirishga doimiy e’tibori uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Italiya bilan shakllangan strategik sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlashini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalar izchil kengayib, yangi mazmun bilan boyib va sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Maktub yakunida O‘zbekiston Prezidenti Jorjia Meloniga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va mas’uliyatli davlat faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi. Italiya xalqiga esa tinchlik, farovonlik va ravnaq tilaklarini bildirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing