Shavkat Mirziyoyev Mehribon Aliyevani tavallud kuni bilan tabrikladi

Dunyo

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyevaga tavallud kuni munosabati bilan tabrik maktubi yo‘lladi. Davlat rahbari o‘z maktubida uning davlat va jamoat faoliyatiga chuqur hurmat bildirib, O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini rivojlantirishga qaratayotgan e’tiborini alohida ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Mehribon Aliyevani tavallud kuni bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev Mehribon Aliyevaning Ozarbayjon xalqining farovonligini ta’minlash, ta’lim, fan, madaniyat va san’atni rivojlantirish, shuningdek, mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosini asrab-avaylash va keng targ‘ib etish borasidagi hissini qayd etdi.

«O‘zbekistonda Sizga alohida mehr va iliqlik bilan munosabatda bo‘lishadi hamda O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini izchil chuqurlashtirishga doimo ko‘rsatib kelayotgan e’tiboringiz yuksak qadrlanadi», — deyiladi tabrik maktubida.

Prezident ikki oila o‘rtasidagi iliq va samimiy muloqotga ham alohida to‘xtalib, do‘stlik va o‘zaro hurmat muhiti O‘zbekiston va Ozarbayjonni bog‘lab turgan qardoshlik rishtalarining yorqin ifodasi ekanini ta’kidladi.

Maktubda Mehribon Aliyevaning shaxsiy ishtiroki bundan buyon ham mamlakatlar o‘rtasidagi gumanitar va madaniy aloqalarni mustahkamlash, xalqlarni yanada yaqinlashtirish hamda ularning mushtarak boy merosini kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga xizmat qilishi qayd etilgan.

Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Birinchi vitse-prezidentiga mustahkam sog‘lik, bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat, baxt-saodat va farovonlik, Ozarbayjon xalqiga esa tinchlik va yanada ravnaq tiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing