Sherzod Asadov: Islom sivilizatsiyasi haqidagi mediaforum uzoq muddatli muloqotning boshlanishi bo‘ladi

O'zbekiston

«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi O‘zbekistonda o‘z ishini boshladi. Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan 300 ga yaqin ommaviy axborot vositalari vakillari, olimlar, madaniyat namoyandalari hamda raqamli soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Sherzod Asadov: Islom sivilizatsiyasi haqidagi mediaforum uzoq muddatli muloqotning boshlanishi bo‘ladi
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov tabrik so‘zi bilan chiqish qildi. U tadbirning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotganiga alohida ramziy ma’no borligini ta’kidladi.

Asadovning qayd etishicha, islom sivilizatsiyasi, avvalo, ilm-fan, ma’rifat, tafakkur va bag‘rikenglik sivilizatsiyasidir. Buyuk olim va mutafakkirlarning merosi nafaqat tarixiy boylik, balki zamonaviy ilmiy, madaniy va innovatsion taraqqiyot bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan tirik intellektual merosdir.

Prezident matbuot kotibi ushbu merosni xalqaro auditoriyaga zamonaviy raqamli formatlar va yosh avlod uchun tushunarli media yechimlari orqali yetkazish muhimligini ta’kidladi.

«Biz ushbu forumni bir martalik tadbir emas, balki uzoq muddatli professional muloqot va hamkorlikning boshlanishi sifatida ko‘ramiz», — dedi Asadov. Uning ta’kidlashicha, forum doirasidagi muhokamalar va yangi tashabbuslar O‘zbekistonning buyuk sivilizatsion merosini jahon axborot makonida munosib namoyish etishga xizmat qiladi.

Forum Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilmoqda. Dasturdan yalpi majlislar, tematik media ko‘rgazmalari, matbuot brifinglari, ikki tomonlama uchrashuvlar hamda talabalar uchun mahorat darslari o‘rin olgan. Unda hujjatli kino, tarixiy xotira, nashriyot loyihalari, zamonaviy texnologiyalar va xalqaro media hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.


Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing