ShHTning birinchi transport forumi: global logistika tashabbuslarini ilgari surish

O'zbekiston

Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” kongress zalida Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) birinchi transport forumi bo‘lib o‘tmoqda.

ShHTning birinchi transport forumi: global logistika tashabbuslarini ilgari surish
Bugun, 2023-yil 1-noyabr kuni Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” kongresslar zalida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlarning Birinchi transport forumi boshlandi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan ShHT Samarqand sammiti chog‘ida bildirilgan tashabbusining yakuni bo‘lib, jahon transport sanoati uchun muhim hodisadir.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamov forum ishtirokchilarini tabrik so‘zi bilan qutlab, unda O‘zbekiston Respublikasida transport sohasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar va loyihalar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

Mahkamov ShHTga aʼzo davlatlarning transport-logistika salohiyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan aniq takliflarni taqdim etdi. Bu takliflar qatoriga muqobil transport yo‘nalishlarini tashkil etish, transport standartlarini muvofiqlashtirish, moslashuvchan tarif siyosati hamda transport arteriyalari va chegara hududlari bo‘ylab multimodal logistika markazlarini rivojlantirish kiradi.

Shuningdek, chegara nazorati punktlarida 24/7 rejimida ishlashni tashkil etish va viza berish jarayonini soddalashtirish rejalari e’lon qilindi. Bundan tashqari, ShHT raqamli texnologiyalar va intellektual tizimlarni keng joriy etish, shuningdek, logistika sohasida tajriba almashishni rejalashtirmoqda.

Bugungi forum doirasida muhim hujjatlar imzolandi va almashildi. O'zbekiston Respublikasi transport vaziri Ilhom Mahkamov, Rossiya federatsiyasi transport vazirining o'rinbosari Dmitriy Zverev va Qozog'iston Respublikasi transport vazirining o'rinbosari Talgat Lastayev Belarus – Rossiya – Qozog'iston – O'zbekiston – Afg'oniston – Pokiston xalqaro transport koridorini tashkil etish va rivojlantirish bo'yicha o'zaro anglashuv memorandumi bilan almashdilar.

Vazir Ilhom Mahkamov, shuningdek, Rossiya – Kaspiy dengizi – Turkmaniston – O‘zbekiston – Qirg‘iziston xalqaro multimodal transport koridorini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Bundan tashqari, “Centrum Solutions” MChJ va “Global Ports Services” o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing