Shveytsariya kelajagi bo‘yicha referendum: aholiga limit

Dunyo

Shveytsariyada mamlakat aholisini 10 million kishi darajasida cheklash bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Fuqarolar bu masala yuzasidan 14-iyun kuni ovoz beradi.

Shveytsariya kelajagi bo‘yicha referendum: aholiga limit
Referendumga “10 millionlik Shveytsariyaga yo‘q!” nomli tashabbus chiqarilgan bo‘lib, uni immigratsiya masalasida qat’iy pozitsiyasi bilan tanilgan Shveytsariya Xalq partiyasi (SVP) ilgari surmoqda.

Tashabbus mualliflariga ko‘ra, aholining tez o‘sishi infratuzilmaga ortiqcha yuklama bermoqda, ijara narxlarining oshishiga sabab bo‘lmoqda hamda tabiatga zarar yetkazmoqda. Ularning ta’kidlashicha, bir yil ichida mamlakat aholisi 180 mingdan ortiq kishiga ko‘paygan.

Hujjatga ko‘ra, 2050-yilgacha doimiy aholi soni 10 milliondan oshmasligi konstitutsiyada belgilanishi taklif etilmoqda. Agar aholi soni 9,5 milliondan oshsa, hukumat va parlament boshpana berish hamda oila a’zolarini birlashtirish sohalarida cheklov choralarini ko‘rishi kerak bo‘ladi.

Shuningdek, tashabbus aholining o‘sishiga ta’sir qiluvchi xalqaro kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi. Agar bu choralar yetarli bo‘lmasa, mamlakat Yevropa Ittifoqi bilan erkin harakatlanish to‘g‘risidagi kelishuvdan chiqishi mumkin.

Hukumat va parlamentdagi ko‘pchilik tashabbusga qarshi chiqmoqda. Ularning fikricha, bu taklif mavjud muammolarni hal qilmaydi va yangi qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin. Tashabbus tarafdorlari esa uni immigratsiyani nazorat qilishning “oqilona yo‘li” deb hisoblaydi.

So‘nggi o‘n yil ichida Shveytsariya aholisi qo‘shni Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga qaraganda qariyb besh barobar tezroq o‘sdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisining qariyb 27 foizi Shveytsariya fuqarosi emas.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing