Singapurlik fuqaro AQSh tarixidagi jismoniy shaxsga qarshi eng yirik kriptoo‘g‘rilikni tan oldi

Dunyo

Singapur fuqarosi 22 yoshli Malon Lam qiymati qariyb 245 million dollar bo‘lgan 4 100 bitkoinni o‘g‘irlash ishi bo‘yicha aybini tan oldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, bu AQSh tarixida jismoniy shaxsdan o‘g‘irlangan eng yirik kriptovalyuta miqdori bo‘lib, Lam 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Singapurlik fuqaro AQSh tarixidagi jismoniy shaxsga qarshi eng yirik kriptoo‘g‘rilikni tan oldi
Lam 14 yoshida Singapurdagi maktabni tashlagan, 2023 yilda AQShga sayyoh sifatida kelgan va vizasi muddati tugaganidan keyin mamlakatda qolgan. U ijtimoiy tarmoqlar va onlayn o‘yinlar orqali boshqa yosh xakerlar bilan tanishib, xalqaro guruh tuzgan.

2024 yil avgustida guruh Vashingtondagi yirik investorni nishonga olgan. Ular o‘zlarini Google va Gemini kriptobirjasi xavfsizlik xodimlari sifatida tanishtirib, investorni AnyDesk masofaviy kirish dasturini o‘rnatishga ishontirgan. Kompyuterga kirish imkoniga ega bo‘lgach, xakerlar hisob raqamlaridan qariyb 4 100 bitkoinni chiqarib yuborgan.

O‘g‘irlangan mablag‘lar hashamatli hayot tarziga sarflangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular bir kechada tungi klublarda 500 ming dollargacha pul sarflagan, 30 dan ortiq avtomobil, 2 million dollarlik soat, Hermès Birkin sumkalari va qimmat kiyimlar sotib olgan. Shuningdek, Los-Anjeles va Mayamida hashamatli uylarni ijaraga olgan, xususiy samolyotlarda sayohat qilgan va shaxsiy qo‘riqchilar yollagan.

Malon Lam 2024 yil sentabrida FQB agentlari tomonidan hibsga olingan. Hozirga qadar uning ko‘pchilik sheriklari hibsga olingan, ayrimlariga ayblovlar qo‘yilgan. 11 kishi aybini tan olgan, ikki nafari olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Ish bo‘yicha turli mamlakatlardan jami 18 kishi o‘tmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing