Sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-avgust kuni sog‘liqni saqlash tizimini tubdan transformatsiya qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Islohotlar sifatli tibbiy yordam, kasalliklarning oldini olish va aholining tibbiyotga ishonchini oshirishga qaratilgan.

Sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi
Prezidentga mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha asosiy tashabbuslar taqdim etildi.

Asosiy e’tibor tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirishga qaratiladi. Shu maqsadda 1500 klinik protokol moslashtiriladi, raqamlashtirilgan bemor yo‘nalishlari joriy qilinadi hamda yurak-qon tomir va endokrin kasalliklarni oldini olish va davolashda yangi yondashuvlar, jumladan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalaniladi.

Alohida urg‘u insult va infarktga qarshi kurashga berildi. Telemeditsina, trombolizis terapiyasi, stentlash va tromboekstraksiya yo‘lga qo‘yiladi, aholiga insult belgilari haqida keng ko‘lamli tushuntirish ishlari olib boriladi.

Toshkentda 250 o‘rinli Milliy nevrologiya va neyroreabilitatsiya tibbiyot markazi tashkil etilib, yiliga 3 mingdan ortiq jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi. Samarkand va Buxoro klinikalari ham zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanadi. Loyiha uchun 150 mln dollar ajratilib, 150 nafar mutaxassis xorijda malaka oshiradi.

2030-yilgacha 198 ta markazlashgan laboratoriya yaratiladi, bu esa tahlil sifati va bepul tekshiruvlar sonini oshirish imkonini beradi.

Kadrlar tayyorlash ham islohotlarning muhim qismi bo‘lib, Toshkent tibbiyot universiteti qoshida Professional tibbiyot akademiyasi tashkil etiladi, xalqaro sertifikatlash tizimi joriy qilinadi, talabalar amaliyoti kuchaytiriladi.

Islohotlar doirasida aholi salomatligi va qon xizmati ham rivojlantiriladi: 100 foizlik qon ta’minoti, viruslarni inaktivatsiya qilish va qon preparatlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Farmatsevtika sohasida xalqaro ro‘yxatga olishni tan olish, dori vositalarining bioekvivalent sinovlari va kontrakt ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Prezident taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, ularning tizimli ijrosini ta’minlashni topshirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing