Suriya prezidenti ilk rasmiy tashrifini Saudiya Arabistondan boshladi

Dunyo

Ahmad al-Shara o‘z lavozimiga tayinlanganidan keyin ilk bor xorijiy davlat-Saudiya Arabistonga rasmiy tashrif buyurdi. Unga tashqi ishlar vaziri Asad al-Shibani hamrohlik qildi.

Suriya prezidenti ilk rasmiy tashrifini Saudiya Arabistondan boshladi
Uchrashuv davomida tomonlar Riyoz va Damashq o‘rtasidagi diplomatik va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, turli sohalardagi hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish hamda Suriyaning xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash masalalarini muhokama qilishdi. Bu haqida Saudiya matbuot agentligi (SPA) xabar bermoqda.

Ahmad al-Sharo Suriya davlat axborot agentligi (SANA)ga bergan intervyusida Saudiya Arabistonining Suriyani qo‘llab-quvvatlash va uning kelajagini tiklashga bo‘lgan qat’iy istagini sezganini aytgan. Uchrashuvda insonparvarlik yordami, iqtisodiy hamkorlik hamda energiya, texnologiya, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida keng ko‘lamli rejalar muhokama qilingani qayd etildi.

“Biz Saudiya Arabistoni bilan haqiqiy hamkorlik o‘rnatish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash hamda Suriya xalqining iqtisodiy ahvolini yaxshilash yo‘lida keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldik”, – dedi Sharo.

Saudiya Arabistoni Suriyaga nisbatan xalqaro sanksiyalarni imkon qadar tezroq bekor qilish va uning iqtisodiyotini tiklash bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlarni boshqarib kelmoqda. Riyoz rasmiylari Suriya xalqiga munosib hayot sharoitlarini yaratish va mamlakatni global iqtisodiy hamkorlikka qaytarish tarafdori ekanliklarini bildirishdi.

Bu uchrashuv Saudiya Arabistonining Suriya bilan munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish yo‘nalishidagi muhim qadam bo‘ldi. Mintaqadagi barqarorlik va taraqqiyotga hissa qo‘shish maqsadida Saudiya hukumati Suriya bilan faol hamkorlik qilishni davom ettirish niyatida ekanligini ma'lum qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing