Ahmad ash-Sharaa va Erdo‘g‘an mudofaa paktini muhokama qilmoqda

Dunyo

Suriya yetakchisi Ahmad ash-Sharaa va Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada harbiy hamkorlik, jumladan, Suriyada turk harbiy bazalarini joylashtirish hamda yangi Suriya armiyasini tayyorlash masalalarini muhokama qiladi.

Ahmad ash-Sharaa va Erdo‘g‘an mudofaa paktini muhokama qilmoqda
4-fevral, seshanba kuni Anqarada Suriya Prezidenti Ahmad ash-Sharaa va Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasida muhim muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Reuters agentligi manbalariga ko‘ra, tomonlar Turkiyaning Suriyaning markaziy hududlarida harbiy bazalarini barpo etishi va Suriya qurolli kuchlarini Anqara ko‘magida tayyorlashni o‘z ichiga olgan qo‘shma mudofaa paktini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.

NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya uzoq yillar davomida Suriyadagi oppozitsiyani Bashar Asad rejimiga qarshi qo‘llab-quvvatlab kelgan edi. Asadning dekabr oyida hokimiyatdan chetlatilishi ortidan Anqara mintaqadagi ta’sirini mustahkamlashga intilmoqda. Bu esa Fors ko‘rfazi arab davlatlari bilan keskinlikni oshirishi va Isroil uchun noqulay vaziyat tug‘dirishi mumkin.

Manbalarga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida Turkiyaning Suriya hududida, xususan, strategik ahamiyatga ega Badiya mintaqasida ikkita harbiy baza qurishi va Suriya havo makonidan foydalanish huquqi masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Hozircha Turkiya prezidenti ma’muriyati va Suriya mudofaa vazirligi rasmiy izoh bermagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing