Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni jadallashtirish vazifalari belgilandi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni jadallashtirish vazifalari belgilandi
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda elektrotexnika tarmogʻini rivojlantirish, qoʻshilgan qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirildi. Natijada sohada ishlab chiqarish hajmi 2018-yildagi 4,7 trillion soʻmdan 43,1 trillion soʻmga yetdi, eksport 1 milliard dollardan oshdi. Bugungi kunda Oʻzbekiston elektrotexnika mahsulotlari 65 ta davlatga yetkazib berilmoqda.

Tarmoqda mahsulotlar tarkibi ham oʻzgarmoqda. Misdan tayyorlanayotgan mahsulotlarning ishlab chiqarilishi va eksporti ortdi, past qiymatli mahsulotlarning ulushi esa sezilarli kamaydi. Maishiy texnika boʻyicha ichki talabning 80 foizi mahalliy mahsulotlar hisobidan qoplanmoqda, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 30 foizi eksport qilinmoqda. Quyosh panellari, yuqori kuchlanishli kabellar, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, vakuum oʻchirgichlar, yuqori kuchlanishli ajratgichlar, issiqlik nasoslari kabi yuzlab yangi turdagi mahsulotlar oʻzlashtirildi.

Joriy yilning yetti oyida tarmoqda 30 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi, 706 million dollarlik eksport taʼminlandi. 148 million dollarlik 16 ta loyiha ishga tushirilib, 1,2 mingta ish oʻrni yaratildi. Yil yakunigacha 51 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 1,6 milliard dollarga yetkazish, 420 million dollarlik 67 ta loyihani ishga tushirish vazifasi belgilangan.

Taqdimotda 2030-yilgacha elektrotexnika va unga yondosh sanoatda ishlab chiqarish hajmini 11 milliard dollarga, eksportni 5 milliard dollarga yetkazish, 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish, misga qoʻshilgan qiymatni 35 foizga olib chiqish rejalari koʻrib chiqildi.

Buning uchun yurtimizda zarur xomashyo bazasi va bozor mavjud. Yiliga 150 ming tonnadan ortiq mis katodi ishlab chiqarilmoqda, yangi quvvatlar hisobiga mazkur koʻrsatkich 300 ming tonnaga yetkaziladi. Shuningdek, 15 gigavatt quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan boʻlib, bu elektrotexnika mahsulotlari uchun yiliga 500 million dollarlik buyurtma bozorini shakllantiradi.

Shu bilan birga, sohada hal etilishi zarur masalalar ham bor. Ayrim korxonalarda aylanma mablagʻ uchun kredit olishda garov taʼminoti yetishmayapti, mis xomashyosini birja orqali xarid qilishda qulay moliyaviy instrumentlar talab etilmoqda, yirik xalqaro brendlarni jalb etish uchun kafolatlangan mexanizmlarni kengaytirish zarur. Aholi uy-joylari qurilishi ortib borayotgani ham elektrotexnika mahsulotlariga talabni oshirmoqda.

Shu munosabat bilan tarmoq korxonalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi mexanizmlar taklif etildi. Jumladan, mis xomashyosini xarid qilishda toʻlovning 25 foizini korxonalar, qolgan 75 foizini “Oʻzsanoateksport” AJ amalga oshiradi. Korxonalar ushbu mablagʻni 90 kun ichida yillik 6 foizgacha stavkada qaytaradi. Bu maqsadlar uchun 50 million dollar resurs yoʻnaltiriladi.

Endilikda kreditlar boʻyicha eksport shartnomalari, sugʻurta polislari kabi boshqa taʼminot turlarini ham qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Investitsiya loyihalariga milliy va xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarning bir qismi uch yil davomida qoplab beriladi.

Kamida 50 million dollar sarmoya kiritadigan yirik xalqaro brend kompaniyalariga soliq imtiyozlari taqdim qilinib, infratuzilmaga ega tayyor binolar taklif etildi. Elektrotexnika sanoati korxonalari uchun soliq va bojxona imtiyozlari muddatini 2030-yilgacha uzaytirish, yondosh mahalliy sanoat korxonalarini ham qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilmoqda.

Eksportni kengaytirish maqsadida xorijiy bozorlarda savdo omborlari tashkil etish, mahsulotlarni sertifikatlash va tashqi bozorlarga chiqarish jarayonlarini yengillashtirish choralari koʻriladi. Shuningdek, Afgʻoniston, Moʻgʻuliston, Qozogʻiston va Iroq bozorlariga kompleks texnologik yechimlar eksportini kengaytirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Tarmoqda innovatsiya va ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish uchun Toʻrtinchi sanoat inqilobi ilmiy-tadqiqot va innovatsiya markazini tashkil etish taklif qilindi. Markaz yangi mahsulotlarni raqamli modellashtirish, sinovdan oʻtkazish, mahalliylashtirish, prototiplar tayyorlash va korxonalarga injiniring xizmatlari koʻrsatish bilan shugʻullanadi.

Prezidentimiz mutasaddilarga elektrotexnika sanoatida qoʻshilgan qiymatni oshirish, yuqori texnologik mahsulot va materiallar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish, mahalliy korxonalarni global qiymat zanjirlariga olib kirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing