Toqayevning Xitoyga tashrifi: 15 mlrd dollarlik bitimlar va sun’iy intellektga ustuvor e’tibor

Siyosat

Qozog‘iston va Xitoy strategik sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lida navbatdagi muhim qadamni tashladi. Prezident Qosim-Jomart Toqayevning Xitoyga amalga oshirgan ishchi tashrifi doirasida sun’iy intellekt, yuqori texnologiyalar, transport infratuzilmasi va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, umumiy qiymati 15 milliard dollarlik tijorat bitimlari imzolandi.

Toqayevning Xitoyga tashrifi: 15 mlrd dollarlik bitimlar va sun’iy intellektga ustuvor e’tibor
XXR Raisi Si Szinpin taklifiga binoan Xitoyga tashrif buyurgan Qozog‘iston Prezidenti oliy darajadagi muzokaralar, Jahon sun’iy intellekt konferensiyasi (WAIC) hamda yetakchi Xitoy kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlarda ishtirok etadi.

Yuqori texnologiyalar kompaniyalari vakillari bilan o‘tkazilgan davra suhbatida Toqayev o‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi rekord darajadagi 49 milliard dollarga yetganini, Xitoy investitsiyalari esa 30 milliard dollardan oshganini ta’kidladi. Bugungi kunda Qozog‘istonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 8,5 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Prezident sun’iy intellektni mamlakat iqtisodiy o‘sishining asosiy omillaridan biri deb atadi. Ustuvor loyihalar qatorida Ekibastuzdagi Data Center Valley, Smart Cargo logistika platformasi, Alatau shahridagi Smart City texnologiyalari va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish tashabbuslari qayd etildi.

Tashrif yakunida sun’iy intellekt, logistika, energetika, avtomobilsozlik, transport va ta’lim sohalarini qamrab olgan 70 dan ortiq tijorat bitimi imzolandi. Ularning umumiy qiymati qariyb 15 milliard dollarni tashkil etadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing