Toshkent va Seul parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirmoqda

Siyosat

O‘zbekiston va Janubiy Koreya parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi. Tomonlar iqtisodiyot, texnologiyalar va ijtimoiy sohalarda aloqalarni rivojlantirish hamda qo‘shma kelishuvlar ijrosini nazorat qilishni kuchaytirishni muhokama qildi.

Toshkent va Seul parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida raisning birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Janubiy Koreya Milliy Assambleyasining tashqi ishlar va birlashuv qo‘mitasi raisi Kim Sok Ki bilan uchrashdi.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar ishonch, o‘zaro hurmat va strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanayotganini ta’kidladi. Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi ijobiy baholandi.

So‘nggi yillarda parlamentlararo hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etildi. Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari spikerlari uchrashuvi samarali muloqot maydoni sifatida e’tirof etildi.

Uchrashuvda parlamentlararo guruhlar faoliyatini faollashtirish, kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda qo‘mitalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, “yashil” iqtisodiyot, sun’iy intellekt va kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishlarida qonunchilik tajribasi almashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida hamkorlikni kengaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing