Toshkentda UNESCO homiyligida maktabgacha ta’limni rivojlantirish markazi tashkil etiladi

O'zbekiston

O‘zbekistonda UNESCO homiyligida Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi tashkil etiladi. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-avgustdagi 446-son qarori bilan tasdiqlandi va 19-avgustdan kuchga kirdi.

Toshkentda UNESCO homiyligida maktabgacha ta’limni rivojlantirish markazi tashkil etiladi
Markaz Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish instituti huzurida tashkil etiladi. U yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmaydi.

Markazni tashkil etish O‘zbekiston Hukumati va UNESCO o‘rtasida mamlakatda UNESCO homiyligida II toifadagi maktabgacha ta’lim markazini ochish to‘g‘risidagi kelishuvning davomi hisoblanadi. Ushbu bitim 2026-yil 25-mart kuni Parijda imzolangan.

Markazning asosiy vazifalari qatoriga maktabgacha ta’lim sohasida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, UNESCOga a’zo davlatlarning maktabgacha ta’lim dasturlari va metodlari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish hamda bolalarni erta rivojlantirishga qaratilgan ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish kiradi.

Shuningdek, markaz 2030-yilgacha maktabgacha ta’lim sohasidagi Toshkent deklaratsiyasi ijrosi bo‘yicha davriy hisobotlar tayyorlaydi. Pedagog kadrlarni qayta tayyorlashning yangi yondashuvlarini ishlab chiqish, xalqaro treninglar, seminarlar va konferensiyalar tashkil etish ham uning faoliyat yo‘nalishlaridan bo‘ladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing