Toshkentda yangi tayinlovlar: o‘zgarishlar madaniyat, energetika va davlat boshqaruvini qamrab oldi

O'zbekiston

Toshkentda madaniyat, davlat boshqaruvi va energetika sohalaridagi qator shahar tuzilmalariga yangi rahbarlar tayinlandi. Jumladan, «O‘zbekkonsert» davlat muassasasida faoliyat yuritgan yumorist Shukrullo Ahmadqulovich Isroilov Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlandi.

Toshkentda yangi tayinlovlar: o‘zgarishlar madaniyat, energetika va davlat boshqaruvini qamrab oldi
Bekzod Bahrom o‘g‘li Bahromov Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimini egalladi. U O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hamda Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutini tamomlagan va «Nihol» davlat mukofoti sovrindori hisoblanadi. 2021-yildan buyon boshqarmada turli mas’ul lavozimlarda ishlagan.

Shukrullo Isroilov Toshkent davlat sharqshunoslik instituti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini xalqaro munosabatlar yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. U «Do‘stlik» ordeni va «Madaniyat va san’at» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Umidjon G‘ayratjon o‘g‘li Asatullayev Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligining Toshkent shahar filialiga rahbar etib tayinlandi. Bungacha u mazkur filial rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Energetika sohasida Ahror Afzalxonovich Ashrafxonov «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining Toshkent shahar hududiy filiali direktori etib tayinlandi. U 2004-yildan buyon «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» AJ va uning tarmoq filiallarida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing