Toshkentdan Moskvaga uchgan samolyot dronlar hujumi sababli Sankt-Peterburgga qo‘ndi

O'zbekiston

Bugun ertalab Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY-611 reysi Moskvaning Vnukovo aeroporti yopilgani sababli Sankt-Peterburg shahriga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi.

Toshkentdan Moskvaga uchgan samolyot dronlar hujumi sababli Sankt-Peterburgga qo‘ndi
Ma’lumotlarga ko‘ra, Boeing 767 samolyoti ekipaji Moskva osmonida havo hujumi xavfi mavjudligi sababli “kovyor” (gilam) rejasi joriy etilganidan xabardor bo‘ldi. Ushbu rejaga muvofiq, samolyotlarning Vnukovo aeroportiga qo‘nishi taqiqlangan. Shu sababli ekipaj zaxira aerodrom sifatida Sankt-Peterburgni tanladi va yo‘nalishni o‘zgartirdi.

Aviakompaniya vakillari samolyot muvaffaqiyatli qo‘ngani va barcha yo‘lovchilar xavfsiz joyda ekanligini tasdiqladi. Hozirda reysning keyingi taqdiri va yo‘lovchilarning Moskva shahriga yetkazilishi bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Undan tashqari, Moskvaning bir qator aeroportlarida joriy etilgan cheklovlarni hisobga olgan holda, Uzbekistan Airways aviaqatnovlarini muqobil aeroportlarga yo‘naltirishga majbur bo‘ldi, xususan:

HY9607 Buxoro – Moskva (Vnukovo) aviaqatnovi Samara xalqaro aeroportiga yo‘naltirildi

HY611Toshkent – Moskva (Vnukovo) aviaqatnovi Pulkovo xalqaro aeroportiga yo‘naltirildi

HY9615 Urganch – Moskva (Vnukovo) aviaqatnovi Pulkovo xalqaro aeroportiga yo‘naltirildi

HY603 Toshkent – Moskva (Domodedovo) aviaqatnovi Urganch xalqaro aeroportiga yo‘naltirildi

Cheklovlar olib tashlanganidan so‘ng, barcha aviaqatnovlar dastlabki yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlanishda davom etadi. Shu bilan birga, aviakompaniyaning keyingi aviaqatnovlari jadvaliga o‘zgarishlar kiritilishi kutilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing