Tramp Falastinni qo‘llab-quvvatlagan talabalarni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda

Dunyo

AQSH Prezidenti Donald Tramp 2025-yilda Falastinni qo‘llab-quvvatlagan talabalarning vizasini bekor qilish va ularni mamlakatdan chiqarib yuborish rejalarini e’lon qildi. 29-yanvar kuni imzolangan yangi farmonga ko‘ra, AQSH hukumati antisemitizmga qarshi kurash choralarini kuchaytiradi.

Tramp Falastinni qo‘llab-quvvatlagan talabalarni deportatsiya qilishni rejalashtirmoqda
Tramp tomonidan imzolangan ushbu farmon AQSH Adliya vazirligini “Amerika yahudiylariga qarshi terroristik tahdidlar, o‘t qo‘yish, vandalizm va zo‘ravonlik”ga qarshi kurashish uchun barcha federal resurslarni safarbar qilishga undaydi. Hujjatda, shuningdek, “kampuslar va ko‘chalarda antisemitizm portlashi”ga qarshi tezkor choralar ko‘rilishi ta’kidlangan.

“Jihodchilarni qo‘llab-quvvatlovchi norozilik namoyishlariga qo‘shilgan barcha musofirlarni ogohlantiramiz: 2025-yilga kelib, biz sizni topamiz va deportatsiya qilamiz. Shuningdek, men har doimgidek radikalizm bilan to‘lib ketgan kollejlar kampuslaridagi barcha HAMAS tarafdorlarining talabalik vizalarini ham tezda bekor qilaman”, dedi Tramp o‘z bayonotida.

Trampning bu qarori huquq himoyachilari va huquqshunoslar tomonidan keskin tanqid qilinmoqda. Ularning fikricha, bu chora AQSH Konstitutsiyasining so‘z erkinligi kafolatlariga zid keladi.

“Birinchi tuzatish Qo‘shma Shtatlardagi barchani, shu jumladan Amerika universitetlarida tahsil olayotgan chet ellik talabalarni ham himoya qiladi. Fuqaroligi bo‘lmaganlarni siyosiy fikri asosida deportatsiya qilish konstitutsiyaga zid bo‘ladi”, dedi Kolumbiya universitetidagi Knight First Emendment institutining katta advokati Kerri DeKell.

AQSHdagi 80 dan ortiq universitetda Isroilga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Talabalar Falastin xalqi uchun adolat talab qilib, norozilik bildirishda davom etmoqda.

Arab Amerika instituti ijrochi direktori Maya Berri bu buyruq AQSH bo‘ylab so‘z erkinligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligidan tashvishda ekanini bildirdi. “Bu farmon Isroilni tanqid qilish va antisemitizmni bir-biriga tenglashtirishga urinish bo‘lib, bu so‘z erkinligini cheklashga qaratilgan xavfli tendensiyadir”, dedi u.

Yangi farmonga ko‘ra, tegishli agentlik va departament rahbarlari 60 kun ichida Oq uyga antisemitizmga qarshi kurashda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan barcha jinoiy va fuqarolik choralar bo‘yicha tavsiyalar taqdim etishi shart.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing