Tramp Ontario ko‘lini “Amerika ko‘li” deb qayta nomladi

Dunyo

AQSh Prezidenti Donald Tramp Ontario ko‘lini Lake America (“Amerika ko‘li”) deb qayta nomlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Qaror AQSh federal darajasidagi rasmiy foydalanishga taalluqli bo‘lib, AQSh va Kanada chegarasida joylashgan suv havzasiga nisbatan qo‘llanadi.

Tramp Ontario ko‘lini “Amerika ko‘li” deb qayta nomladi
27-avgustdagi farmonga ko‘ra, AQSh Ichki ishlar vaziri Geografik nomlar kengashi bilan hamkorlikda 30 kun ichida yangi nomni AQShning Geografik nomlar axborot tizimiga (GNIS) kiritish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishi kerak. Federal idoralar xaritalar, hujjatlar, shartnomalar va rasmiy yozishmalarda Lake America nomidan foydalanadi.

Oq uy qarorni ko‘lning AQSh uchun tarixiy va iqtisodiy ahamiyati bilan izohladi. Farmonda Ontario ko‘lining savdo, kemachilik, energetika va Buyuk ko‘llar mintaqasi rivojidagi o‘rni qayd etilgan.

Kanada bu qarorni qabul qilmadi. Bosh vazir Mark Karni kanadaliklar suv havzasini Ontario ko‘li deb atashda davom etishini bildirib, ushbu nomning tarixiy ahamiyatini ta’kidladi.

Bu Tramp ma’muriyatining geografik nomlarni o‘zgartirish bo‘yicha navbatdagi qarori bo‘ldi. 2025-yil yanvarida Oq uy Meksika qo‘ltig‘ining AQShdagi rasmiy nomini Gulf of America (“Amerika qo‘ltig‘i”) deb o‘zgartirishni e’lon qilgan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing