Tramp USAIDning 2 ming xodimini elektron pochta orqali ishdan bo‘shatdi

Dunyo

AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) yangi rahbariyati 2 ming xodimni elektron pochta orqali ishdan bo‘shatdi. Shuningdek, butun dunyo bo‘ylab diplomatik xizmat va unga aloqador idoralarning mingga yaqin xodimi xuddi shu usulda pullik ta’tilga yuborildi.

Tramp USAIDning 2 ming xodimini elektron pochta orqali ishdan bo‘shatdi
The New York Times gazetasi 23-fevralga o‘tar kechasi USAID xodimlariga yuborilgan xatlarning nusxalarini qo‘lga kiritgan. Biroq “juda muhim dasturlar”da ishlayotganlar, shuningdek, asosiy rahbariyat va maxsus loyihalar ishlab chiquvchilari bundan mustasno bo‘ldi. Ommaviy ishdan bo‘shatish “xodimlar sonini qisqartirish” mexanizmi orqali amalga oshirilmoqda va bu Trampning AQShning barcha xorijiy yordamlarini to‘liq muzlatish tashabbusining bir qismidir.

O‘tgan hafta USAID rahbariyati shoshilinch gumanitar yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullangan yana 400 xodimni ishdan bo‘shatgan edi. Avvalroq, 90 kunlik tekshiruvdan so‘ng ushbu loyiha qayta tiklanishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Biroq, USAID vakillaridan bu borada yangi ma’lumot kelib tushmadi.

Yangi prezidentlik muddati boshlanganidan so‘ng, Donald Tramp milliarder Ilon Mask bilan birgalikda USAIDni tugatish dasturini ishga tushirdi va uni “jinoyatchi tashkilot” deb atadi.

Shundan so‘ng demokratlar AQSh prezidenti va uning USAIDga tayinlagan rasmiylariga qarshi sud da’volarini tayyorladilar. 21-fevral kuni sud ushbu da’volarni ko‘rib chiqib, kompaniya rahbariyatiga xodimlarni ishdan bo‘shatish va ta’tilga yuborish jarayonini davom ettirishga ruxsat berdi. Hozirda kompaniya rahbarlik lavozimini AQSh davlat kotibi Marko Rubio egallab turibdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing