AQSH Eronga uyushtirgan zarbalardan so‘ng terror xavfi haqida ogohlantirdi

Dunyo

AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi Erondagi yadro obyektlariga havo hujumlaridan so‘ng mamlakat ichida terrorchilik va kiberhujumlar xavfi ortganini e'lon qildi. Ushbu ogohlantirish Milliy terrorchilik tahdidi haqida ogohlantirish tizimi byulletenida chop etildi va 22 sentabrgacha amal qiladi.

AQSH Eronga uyushtirgan zarbalardan so‘ng terror xavfi haqida ogohlantirdi
Hujjatda ta’kidlanishicha, agar “Eron rahbariyati javob zarbalariga chaqiruvchi diniy farmon chiqarsa”, AQSH hududida “zo‘ravon ekstremistlar mustaqil ravishda hujumlar uyushtirishi” ehtimoli ortadi.

Shuningdek, vazirlik Eron tarafdori bo‘lgan xakerlarning AQSH kibertarmoqlariga hujum qilishi mumkinligini qayd etdi. Qo‘shimcha tahdidlar 2020-yil yanvar oyida AQSH tomonidan Bag‘dodda o‘ldirilgan “Al-Quds” bo‘linmasi sobiq qo‘mondoni Qosim Sulaymoni bilan bog‘liq guruhlardan kelishi mumkinligi bildirilgan.

AQSH Davlat departamenti ham butun dunyodagi amerikalik fuqarolarni AQSH fuqarolari va manfaatlariga qarshi bo‘lishi mumkin bo‘lgan namoyishlar xavfi ortgani sababli hushyorlikni oshirishga chaqirdi.

NBC telekanalining manbalariga tayanib xabar berishicha, AQSH zarbalaridan biroz oldin Eron Prezidenti Donald Trampga rasmiy murojaat yuborib, Eronga hujum qilinsa, AQSH hududida “uyg‘otilmagan terror hujayralarini” faollashtirish bilan tahdid qilgan.

Tramp bunga javoban Tehronni ogohlantirdi: “Eronning AQSHga nisbatan har qanday javob zarbasi ilgari kuzatilganidan ancha kuchli qarshilikka uchraydi”, — deb yozdi u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

22-iyun kuni AQSH Eronning Fordo, Natanz va Isfahon shaharlaridagi uchta yadro obyektiga havo hujumi uyushtirdi. Fordoga qilingan hujumda AQSH ilk bor og‘ir bunker-buster bombalaridan foydalandi. Eron esa “javob choralari uchun barcha imkoniyatlarni o‘zida saqlab qolishini” bildirgan holda Isroilga qarshi hujumlarni davom ettirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing