Trampning siyosatiga qarshi, Xitoy Afrikadan ishonchli hamkorlar izlashga kirishdi

Dunyo

Xitoy AQShni kosmosda ortda qoldirish maqsadida Afrikaning deyarli 20 ga yaqin davlati bilan hamkorlik bitimlarini imzoladi. Sun’iy yo‘ldoshlar va infratuzilmalarga kiritilgan sarmoyalar Pekinning Afrikadagi ta’sirini oshirishga yordam bermoqda.

Trampning siyosatiga qarshi, Xitoy Afrikadan ishonchli hamkorlar izlashga kirishdi
Reuters agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Afrikada o‘zining global kuzatuv tarmog‘ini kengaytirish va kosmik qudratga aylanish uchun kosmik hamkorliklarni kuchaytirmoqda. Pekin Afrikadagi davlatlarga sun’iy yo‘ldoshlar, kosmik kuzatuv teleskoplari va yer stansiyalarini hadya qilgani haqida ochiq e’lon qilgan.

Ammo Reuters ilk bor xabar berayotgan ma’lumot shundan iboratki, Xitoy ushbu texnologiyalar orqali to‘plangan ma’lumotlarga kirish imkoniyatiga ega va Afrikada qurilgan kosmik obyektlarda xitoylik mutaxassislar uzoq muddatga joylashib olmoqdalar.

Misrdagi sun’iy yo‘ldosh zavodi 2023-yilda ishga tushgan bo‘lib, u Xitoy tomonidan Misrga so‘nggi ikki yil ichida yetkazib berilgan kosmik texnologiyalar to‘plamining asosiy qismidir. Hozirga qadar ommaga oshkor qilingan loyihalar orasida yangi kosmik kuzatuv markazi mavjud bo‘lib, u dunyodagi eng kuchli teleskoplardan ikkitasini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, 2023-yilda ikki dona Yer kuzatuv sun’iy yo‘ldoshi uchirilgan: ulardan biri Misrda yig‘ilgan bo‘lsa, ikkinchisi to‘liq Xitoyda ishlab chiqarilgan.

Bundan tashqari, Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda Xitoy Misr uchun uchinchi sun’iy yo‘ldoshni ham uchirdi, u harbiy razvedka imkoniyatiga ega bo‘lgan ilg‘or texnologiyali qurilmadir.

Bu sun’iy yo‘ldosh markazi Qohiraning sharqida, taxminan 30 km uzoqlikda qurilayotgan “Kosmik shahar” loyihasining asosiy tarkibiy qismidir. Ushbu loyiha Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi hukumatining yangi ma’muriy poytaxt qurish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Sisi so‘nggi yillarda Xitoy bilan aloqalarni mustahkamladi va Prezident Si Szinpinning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida infratuzilma va energetika loyihalarini imzoladi.

Misr AQShdan harbiy yordam oluvchi asosiy mamlakatlardan biri bo‘lsa-da, u Xitoyning Afrikadagi yagona hamkori emas. Xitoy hozirga qadar 23 ta Afrika davlati bilan kosmik hamkorlik shartnomalarini imzolagan. AQSh Tinchlik Instituti (United States Institute of Peace) ma’lumotlariga ko‘ra, bu shartnomalar sun’iy yo‘ldosh va yer stansiyalari uchun moliyaviy yordamni o‘z ichiga oladi.

So‘nggi bir yil ichida Misr, Janubiy Afrika va Senegal Xitoy bilan kelajakdagi Oy bazasini qurish bo‘yicha hamkorlik qilishga rozi bo‘ldi. Bu loyiha AQShning o‘z Oy dasturiga qarshi o‘ziga xos raqobat maydonini yaratmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing