Turkiy davlatlar tashkiloti III Turkiy agrobiznes forumi o’tmoqda

Iqtisodiyot

Qozog‘iston Respublikasi Jambil viloyati Taraz shahrida III Turkiy agrobiznes forumi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda O’zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.

Turkiy davlatlar tashkiloti III Turkiy agrobiznes forumi o’tmoqda
Mazkur Agroforumda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Vengriya qishloq xo’jaligi vazirlari, shuningdek, Tojikiston, Xitoy, AQSh, Rossiya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida faoliyat yuritayotgan yirik ishlab chiqaruvchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

70 dan ortiq kompaniya forum-ko'rgazmada ishtirok etishini tasdiqladi. Ko‘rgazma bo‘limlari: qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalari, sabzavotchilik va meva yetishtirish, issiqxona biznesi, o‘simliklarni himoya qilish vositalari, go‘sht va sut chorvachiligi uchun uskunalar, ozuqa, urug‘lik, hosilni yig‘ish va saqlash, sug‘orish tizimlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash.

Ta’kidlanishicha, bu o‘z navbatida kompaniyalar uchun B2B uchrashuvlar orqali yangi savdo-iqtisodiy hamkorlik va kooperatsion aloqalarni o‘rnatish borasida qulay platforma hisoblanadi.

Tadbirni Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, qishloq xo‘jaligi sohasida hosildorlikni yanada oshirish, ekologik toza va raqamli qishloq xo‘jaligini yaratish, eksport mahsulotlari turi va geografiyasini diversifikatsiya qilish qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishning asosiy tamoyillari ekanligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, forum 19–21-mart kunlari bo‘lib o‘tmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing