Turkiya Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini yuborishga tayyor

Dunyo

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an fevral oyi boshida Anqarada bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan turk harbiylarini Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar sifatida yuborish masalani muhokama qilgan. Bu haqida Bloomberg xabar bermoqda.

Turkiya Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini yuborishga tayyor
Xabarda yozilishicha, Turkiyaning o‘t ochishni to‘xtatish rejimini monitoring qilishda yordam berishga tayyorligi Yevropadagi ittifoqchilar, jumladan, tegishli rejalarni ishlab chiqayotgan Buyuk Britaniya va Fransiya uchun muhim ahamiyatga ega.

Biroq Anqara barcha maslahatlashuvlarda va uni shakllantirishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha boshqa tadbirlarda ishtirok etmasa, hech qanday tinchlikparvar missiyaning bir qismiga aylanishni istamaydi, deydi manbalar.

Bloomberg materiali e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Rossiyaning “RIA Novosti” agentligi Erdo‘g‘on ma’muriyatiga asoslanib, Turkiyaning Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish uchun diplomatik vositachilik qilishga tayyor ekanini, ammo harbiy kuchlarni yubormasligini xabar qildi.

Bizda bunday ma’lumot yo‘q, bu borada rasmiy bayonot berilmagan. Rasmiy bayonotlarga tayaninglar, deya Turkiya prezidenti ma’muriyati javobidan iqtibos keltiradi agentlik.

Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov 18-fevral kuni mamlakat Ukrainada NATOga a’zo davlatlardan tinchlikparvar kuchlarning bo‘lishini nomaqbul deb hisoblashini aytdi. Lavrovning aytishicha, Saudiya Arabistonida AQSH delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralar davomida Rossiya tomoni “mojaro hal etilgandan yoki kelishuvga erishilgandan so‘ng, qandaydir qurolli kuchlar yoki tinchlikparvarlarni joylashtirish imkoniyati” masalasini ko‘targan.

Biz NATO davlatlaridan bo‘lgan qo‘shinlar va qurolli kuchlarning boshqa bayroq ostida, masalan Yevropa Ittifoqi yoki milliy bayroqlar ostida paydo bo‘lishi vaziyatni o‘zgartirmasligini tushuntirdik. Bu, albatta, biz uchun qabul qilib bo‘lmaydigan holat, deya ta’kidladi vazir.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing