Turkiyada Putin va Zelenskiy uchrashuvi bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishildi

Siyosat

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Rossiya va Ukraina yetakchilari — Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy ishtirokida sammit o‘tkazish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu masala 23-iyul kuni Istanbulda o‘tgan Rossiya-Ukraina muzokaralarining uchinchi bosqichida muhokama qilingan.

Turkiyada Putin va Zelenskiy uchrashuvi bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishildi
Fidanning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar uchrashuv qaysi sharoitlarda amalga oshishi mumkinligi ustida ishlamoqda. U Turkiyada sammit tashkil etish borasida umumiy kelishuv mavjudligini aytib, muzokaralar davom etsa, muvaqqat yechimga erishish mumkinligiga ishonch bildirdi.

Turkiya vaziri Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush mintaqaviy va global miqyosda jiddiy oqibatlarga olib kelishini ta’kidladi. “Bu murakkab va juda qimmatga tushadigan urush. Unda yadro quroli bundan mustasno, hamma narsa ishlatilmoqda”, — dedi Fidan.

Ukraina delegatsiyasi rahbari Rustem Umerov Istanbuldagi uchinchi bosqichdan so‘ng, Ukraina avgust oxirigacha yetakchilar uchrashuvini o‘tkazishni taklif qilganini bildirdi. Unga ko‘ra, Rossiya ushbu tashabbusga javob berib, dunyoga o‘zining konstruktiv yondashuvini ko‘rsatishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing