Ukraina litiysi Trampga yaqin investorlar qo‘liga o‘tdi

Dunyo

The New York Times’ning yozishicha, Ukraina Kirovograd viloyatidagi eng yirik litiy konlaridan biri — Dobra konini o‘zlashtirish huquqini amerikalik investorlar guruhiga topshirdi. Investorlar orasida AQSh prezidenti Donald Trampning yaqin tanishi bo‘lgan milliarder ham bor.

Ukraina litiysi Trampga yaqin investorlar qo‘liga o‘tdi
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, tender g‘oliblari safida kosmetika imperiyasi merosxo‘ri Ronald Lauder bor. U Tramp bilan talabalik davridan beri tanish bo‘lib, ilgari AQSh tomonidan tabiiy resurslarga boy Grenlandiyani sotib olish g‘oyasini ilgari surgan shaxslardan biri sifatida tilga olinadi.

Yana bir investor — TechMet energetika kompaniyasi bo‘lib, u qisman AQSh hukumatining investitsiya agentligiga tegishli. Mazkur agentlik Trampning birinchi prezidentlik muddati davrida strategik xomashyo loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.

Litiy qazib olish huquqining berilishi 30 aprel kuni Ukraina va AQSh o‘rtasida imzolangan tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv doirasida amalga oshirilmoqda. Kelishuv AQShga qazib olinadigan mahsulotni xarid qilishda ustuvor huquq beradi va o‘n yil davomida Ukrainaga investitsiya kiritishni nazarda tutadi.

Tomonlar, shuningdek, teng boshqaruv va teng moliyaviy ulushlarga ega bo‘lgan investitsiya fondini tashkil etishga kelishib olgan. Fondga qo‘shilgan hissa sifatida nafaqat moliyaviy mablag‘lar, balki Kiyevga ko‘rsatilayotgan harbiy yordam ham hisobga olinadi.

Litiy konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha tender 2025 yil avgust oyida e’lon qilingan. O‘shanda Ukraina birinchi bosh vazir o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko loyiha xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilganini ma’lum qilgan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing