Ukrainada qancha markaziy osiyolik asirga olingani ochiqlandi

Dunyo

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainada urush boshlangandan beri 30 nafarga yaqin markaziy osiyolik odam harbiy asir sifatida qo‘lga olingan. Bu haqda Ukraina Adliya vaziri Olga Stefanishina ma’lum qildi.

Ukrainada qancha markaziy osiyolik asirga olingani ochiqlandi
Vazirning ta’kidlashicha, asirlarning fuqaroligi odatda ularning so‘zlariga asoslanib aniqlanadi, chunki ularda buni tasdiqlovchi hujjatlar kam uchraydi. Shunga qaramay, xalqaro va milliy huquqiy normalarga ko‘ra, harbiy asirlar fuqaroligidan qat’i nazar, bir xil maqomga ega bo‘lib, ularga xalqaro konvensiyalar asosida muomala qilinadi. Shuningdek, harbiy asirning ikki fuqarolikka egaligi ham uning huquqiy holatiga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Hozircha Ukraina hukumati ushbu asirlarning aniq qaysi davlat fuqarolari ekanini ochiqlamagan. Biroq, oldingi holatlarga qaraganda, Rossiya armiyasida xizmat qilayotgan yoki majburan safarbar qilingan Markaziy Osiyo fuqarolari orasida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari borligi aytilmoqda.

Ma’lumki, 2023-yil noyabr oyida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan Farg‘ona viloyati fuqarosi O‘zbekistonda 5 yilga qamalgan edi. Shuningdek, 2023-yil oktyabr oyida Rossiyada ishlayotgan samarqandlik erkak moddiy manfaat evaziga Rossiya safida urushga borib, 3 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Rossiyada ishlayotgan ko‘plab Markaziy Osiyo fuqarolari harbiy xizmatga jalb qilishga oid bosimga duch kelishmoqda. Rossiya hukumati urushga odam yig‘ish maqsadida migratsiya qonunlarini qat’iylashtirib, mehnat migrantlariga fuqarolik berish evaziga harbiy xizmatni shart qilib qo‘ymoqda. Natijada, ayrim muhojirlar iqtisodiy qiyinchiliklar sababli yoki aldov yo‘li bilan urushga jalb qilinmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing