Urush tarafdorlarni bo‘lyapti: MAGA ichidagi inqiroz

Dunyo

“America First” siyosati murakkab sinovga duch keldi: AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlari hatto Donald Tramp tarafdorlarini ham ikkiga ajratdi. Eron bilan mojaro uning ikkinchi prezidentlik muddati uchun burilish nuqtasiga aylanishi mumkin.

Urush tarafdorlarni bo‘lyapti: MAGA ichidagi inqiroz
AQSh prezidenti Donald Trump saylovoldi kampaniyasida yangi urushlardan qochishni va ichki muammolarga e’tibor qaratishni va’da qilgan edi. Biroq uning ikkinchi muddati boshlanganidan ko‘p o‘tmay, AQSh bir nechta tashqi mojarolarga jalb qilindi.

2025-yil mart oyida AQSh Yamandagi husiylarga qarshi va Qizil dengiz hududida harbiy operatsiya boshladi. Oradan ko‘p o‘tmay, Vashington Isroilni qo‘llab-quvvatlab, Eron bilan 12 kunlik urushda ishtirok etdi va Eronning yadro dasturiga jiddiy zarba berilganini ma’lum qildi.

2026-yil yanvar oyida esa AQSh Venesuelada operatsiya o‘tkazib, prezident Nicolás Maduro hokimiyatdan chetlatildi.

28-fevral kuni esa AQSh Isroil bilan birgalikda Eronga qarshi yangi harbiy harakatlarni boshladi.

Shu tariqa, Trampning ikkinchi muddati davomida 14 oy ichida AQSh kamida to‘rtta yirik mojaroda ishtirok etdi. Bu esa uning saylovoldi bayonotlariga zid bo‘lib, MAGA harakati ichida keskinlikni kuchaytirdi.

Ayniqsa, ilgari Trampni qo‘llab-quvvatlagan podkasterlar va konservativ sharhlovchilar norozi bo‘lmoqda. Ular izolyatsion siyosatdan chekinishni tanqid qilib, uzoq davom etadigan urush xavfidan ogohlantirmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, aynan Eron bilan mojaro Trampning siyosiy kelajagi uchun hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing