Uyda o‘tadigan CAFA chempionatida «oq bo‘rilar» taqvimi va tarkibi

Sport

Toshkentda nufuzli mintaqaviy turnir — “CAFA U-17 Championship 2026” start olmoqda. Ayder Kurbayev murabbiyligidagi O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi Milliy futbol markazi maydonlarida yurtimiz sharafini himoya qilishga shay. Ishqibozlarni mintaqa qo‘shnilari bilan o‘tadigan murosasiz derbi o‘yinlari kutmoqda.

Uyda o‘tadigan CAFA chempionatida «oq bo‘rilar» taqvimi va tarkibi
6-apreldan 13-aprelga qadar poytaxtimiz Markaziy Osiyoning eng iqtidorli yosh futbolchilari markaziga aylanadi. Murabbiylar shtabi mamlakatning yetakchi akademiyalari — “Paxtakor”, “Bunyodkor”dan tortib Odil Ahmedov akademiyasigacha bo‘lgan eng yaxshi tarbiyalanuvchilardan iborat yakuniy tarkibni e’lon qildi.

O‘zbekiston terma jamoasining o‘yinlar taqvimi:
7-aprel (14:00): O‘zbekiston — Qirg‘iziston

9-aprel (17:00): O‘zbekiston — Afg‘oniston

11-aprel (17:00): O‘zbekiston — Turkmaniston

13-aprel (17:00): O‘zbekiston — Tojikiston (Guruh bosqichining yakuniy o‘yini)

Jamoaning asosiy negizini Respublika futbol akademiyasi va Odil Ahmedov maktabi tarbiyalanuvchilari tashkil etadi. Darvoza chizig‘ini Berdiyev, Ayupov va Ayvazov himoya qiladi. Himoya va yarim himoyada “Nasaf” vakili Uralovning universalligi hamda “Bunyodkor”lik Shadrinning kreativligiga tayaniladi. Jamoaning hujum salohiyatini Xayrullayev hamda Respublika akademiyasining istiqbolli vakili Emmanuel Emonkpayr kuchaytiradi.

Ushbu turnir o‘zbek futbolining yangi avlodi uchun bo‘lajak qit’a birinchiliklari oldidan muhim sinov vazifasini o‘taydi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing