Vengriya Rossiyaga nisbatan Yevroittifoq sanksiyalarini to‘xtatmoqchi

Dunyo

Vengriya Rossiyaga qarshi Yevroittifoq sanksiyalari ro‘yxatidan 8 jismoniy shaxsni olib tashlamoqchi. Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarini uzaytirish uchun barcha a’zo davlatlarning roziligi talab etiladi. Vengriya ushbu sanksiyalarni ma’qullashdan oldin sakkiz kishini sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni taklif qildi.

Vengriya Rossiyaga nisbatan Yevroittifoq sanksiyalarini to‘xtatmoqchi
25-fevral, seshanba kuni Reuters agentligi o‘zining Yevropa diplomatik manbalariga tayanib, Vengriya Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatidan sakkiz jismoniy shaxsni chiqarishga intilayotganini xabar qildi.

Reuters manbasi Vengriya sanksiya ro‘yxatidan chiqarishni istayotgan shaxslarning ismlarini ochiqlamadi. Shu bilan birga, Budapesht Yevroittifoq sanksiyalarini uzaytirishdan oldin Ukraina orqali Yevropaga gaz tranziti bo‘yicha “yangi kafolatlar” olishni ham xohlayotgani ta’kidlangan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini munosabati bilan joriy etilgan sanksiyalar har olti oyda bir marta barcha Yevropa davlatlari tomonidan bir ovozdan ma’qullanishi kerak. Reuters xabariga ko‘ra, Budapesht ilgari ham ushbu sanksiyalarning uzaytirilishini o‘z manfaatlariga moslashtirish uchun muzokara vositasi sifatida ishlatgan.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar ikki toifaga bo‘linadi, har biri o‘zining uzaytirish muddatiga ega:

Iqtisodiy cheklovlar

2400 nafar jismoniy va yuridik shaxslar ro‘yxati, ularning aktivlari Yevroittifoq hududida muzlatilgan. Shuningdek, ushbu shaxslarning Yevroittifoqqa kirishi taqiqlangan.

Rossiyalik jismoniy va yuridik shaxslarning katta guruhi bo‘yicha sanksiyalar 15-mart kuni tugaydi. Yevropa Ittifoqi qoidalariga ko‘ra, ularni uzaytirish bo‘yicha qaror 10-martgacha qabul qilinishi lozim.

Vengriya Rossiya gazining Markaziy Yevropaga tranzitini tiklash, “Drujba” neft quvuridan Rossiya neftining uzluksiz yetkazilishini ta’minlash hamda Rossiyadan Vengriyaga yonilg‘i olib keluvchi “Turk oqimi” gaz quvuri xavfsizligini kafolatlash bo‘yicha muzokaralar olib borishni xohlamoqda.

Bu talablar Vengriyaning Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha qaroriga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing