Versalda Amir Temur tarixi: Fransiyada ilk bor O‘zbekistonning “Tamerlano” barokko operasi taqdim etildi

O'zbekiston

Sharqning boy tarixiy merosi va G‘arb teatr an’analarini o‘zida mujassam etgan barokko klassikasining noyob musiqiy talqini ilk bor Yevropaning eng nufuzli va ramziy sahnalaridan birida yangradi. Versal Qirollik operasi sahnasida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) tashabbusi bilan Georg Fridrix Gendelning Tamerlano operasining intizorlik bilan kutilgan konsert ijrosi bo‘lib o‘tdi.

Versalda Amir Temur tarixi: Fransiyada ilk bor O‘zbekistonning “Tamerlano” barokko operasi taqdim etildi
Fransiya ilk bor ushbu ulkan loyihani mustaqil konsert versiyasi formatida qabul qildi. Amir Temur tarixidan ilhomlangan hamda hokimiyat, sevgi va ma’naviy tanlov kabi abadiy mavzularni qamrab olgan ushbu sahna asari Dubaydagi jahon premyerasi, shuningdek, Vena va Sankt-Peterburgdagi namoyishlardan boshlangan xalqaro gastrol safarini davom ettirmoqda.


1724-yilda yaratilgan ushbu shohasarning musiqiy konsepsiyasi taniqli kompozitor Kirill Rixter tomonidan zamonaviylashtirilib, barokko asosini bugungi kun musiqiy tafakkuri bilan nozik tarzda birlashtirdi. Konsert ijrosi formati fransuz tomoshabinlariga bor e’tiborni orkestr, xor va vokal dramaturgiyasining ifodaliligiga qaratish imkonini berdi. Amir Temurning bosh partiyasini O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov mahorat bilan ijro etdi, Bayazid va Asteriya partiyalarini esa Xuan Sancho hamda Veronika Kanxemi taqdim etishdi. Ijroda Alibek Kabdurahmanov boshchiligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri va Gulnora Malikova badiiy rahbarligidagi respublikada xizmat ko‘rsatgan xor jamoasi ishtirok etdi.


Operaning yaqinda nishonlangan 300 yilligiga to‘g‘ri kelgan ushbu loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi uchun milliy merosni xorijda targ‘ib qilish missiyasidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi. Bugungi kunda ACDF 40 dan ortiq xalqaro institutlar bilan hamkorlik qilib, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya va Xitoyda keng ko‘lamli loyihalarni tashkil etish orqali o‘zbek madaniyatining jahon arenasidagi o‘rnini faol kengaytirmoqda. 1770-yilda ochilgan Versal Qirollik operasining tarixiy sahnasidagi ushbu Fransiya premyerasi loyihaning joriy Yevropa madaniy mavsumidagi eng muhim voqealardan biri sifatidagi maqomini tasdiqladi.


Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing