Xitoy Rossiya qurollarini josuslik yo‘li bilan nusxalamoqda

Dunyo

Xitoy Xalq Respublikasi keng ko‘lamda texnologiyalarni o‘g‘irlash bilan shug‘ullanyapti va Rossiya qurol tizimlarini nusxalamoqda. Pekin, shuningdek, Rossiyalik yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan litsenziya bitimlari shartlarini muntazam ravishda buzib kelmoqda. Bu haqida ChinaPower ma'lum qildi.

Xitoy Rossiya qurollarini josuslik yo‘li bilan nusxalamoqda
ChinaPower tahlil markazining xabariga ko‘ra, Xitoy Rossiya qurol tizimlarini nusxalash, intellektual mulk va texnologiyalarni ommaviy ravishda o‘g‘irlash bilan shug‘ullanmoqda. Bu holat, Rossiyaning Ukraina bilan urushi bilan birgalikda, so‘nggi yillarda Rossiyadan Xitoyga qurol yetkazib berish hajmining sezilarli darajada kamayishiga olib kelgan. 2009-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda Xitoyning qurol importi 15 yil avvalgi davrga nisbatan 40 foizga kamaygan, Rossiyaning Xitoy qurol importidagi ulushi esa 85 foizdan 68 foizgacha tushgan.

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida Rossiyaning mudofaa sanoati korxonalariga, ayniqsa aerokosmik texnologiyalar sohasiga qarshi Xitoy tomonidan kamida 21 ta josuslik va xakerlik hujumlari qayd etilgan. 2004-yilda uchta sud ishi bo‘lib o‘tgan bo‘lib, yetti nafar rossiyalik aviatsiya va sun’iy yo‘ldosh ishlab chiqish bo‘yicha maxfiy ma’lumotlarni Xitoyga uzatgani uchun hukm qilingan.

Shundan buyon vaziyat o‘zgarmagan. 2021-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda aerokosmik va lazer texnologiyalariga oid yana to‘rtta sezgir ma’lumotlar sizib chiqishi holatlari qayd etilgan.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, josuslik bu muammoning faqat bir tomoni. ChinaPower ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Rossiyalik yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan litsenziya bitimlari shartlarini muntazam ravishda buzib, texnikalarni nusxalab, ularni o‘z ehtiyojlariga moslashtirib kelgan. Masalan, Xitoyning J-11 qiruvchi samolyoti Rossiyaning Su-27 samolyotidan nusxa olingan, HQ-9 zenit-raketa majmuasi esa S-300 tizimiga juda o‘xshab ketadi.

2019-yilda Rossiyaning "Rostex" davlat korporatsiyasi rasmiy bayonot berib, 17 yil davomida o‘z mahsulotlarining noqonuniy nusxalanishining 500 ta holatini qayd etganini ma’lum qilgan. Kamdan-kam uchraydigan ochiq bayonotda kompaniya Xitoyni "Suxoy" samolyotlari, aviadvigatellar, kemada uchadigan qiruvchilar, havo mudofaasi tizimlari, ko‘chma zenit-raketa tizimlari va "Pantsir" ZRPK o‘xshashlarini klonlaganlikda ochiq ayblagan.

Rossiyadan texnikani nusxalaganidan so‘ng, Xitoy bu texnikani sotib olishni kamaytirgan va zamonaviy qurollarning ko‘p turlarini — qiruvchi samolyotlardan tortib harbiy kemalargacha — mustaqil ishlab chiqara boshlagan. Shunga qaramay, aviadvigatellar sohasida Rossiyaga qaramlik saqlanib qolmoqda. 2017-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda Xitoyning qurol-importidagi qiymatining yarmi aviadvigatellarga to‘g‘ri kelgan va bu dvigatellarning katta qismi Rossiyadan yetkazib berilgan.


Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing