Xitoyning COVEC kompaniyasi Toshkent–Samarqand magistralini quradi, pullik yo‘l operatori keyinchalik tanlanadi

O'zbekiston

Yangi Toshkent–Samarqand magistrali qurilishi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda Xitoyning China Overseas Engineering Group (COVEC) kompaniyasi avtomobil yo‘lini qurib, buyurtmachiga topshiradi. Ikkinchi bosqichda esa tayyor magistralni pullik yo‘l sifatida boshqaradigan operator tanlanadi.

Xitoyning COVEC kompaniyasi Toshkent–Samarqand magistralini quradi, pullik yo‘l operatori keyinchalik tanlanadi
COVEC prezidenti Van Kun 22 iyul kuni qurilishning boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi. U kompaniya loyihani yuqori xalqaro standartlar asosida amalga oshirish, qurilish sifati, mehnat xavfsizligi, atrof-muhitni muhofaza qilish va "yashil" qurilish texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e'tibor qaratishini ta'kidladi.

O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamovning ma'lum qilishicha, bosh pudratchining vazifasi magistralni qurish va foydalanishga topshirishdan iborat. Pullik yo‘l operatorini tanlash esa loyihaning keyingi bosqichida amalga oshiriladi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Sherzod Boltayevning so‘zlariga ko‘ra, 282 kilometrlik yangi magistral intellektual transport tizimi bilan jihozlanadi. Yo‘l bo‘ylab taxminan har 50 kilometrda 12 tadan ortiq servis majmuasi barpo etilishi rejalashtirilgan.

Loyihaning qiymati 2,2 milliard AQSh dollari etib baholanmoqda. Moliyalashtirishning 85 foizi Xitoy banklari, qolgan 15 foizi esa O‘zbekiston davlat budjeti hisobidan ta'minlanishi mumkin. Magistralni 2030 yilda foydalanishga topshirish, undagi ruxsat etilgan tezlikni esa 150 km/soat etib belgilash rejalashtirilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing