Yangi loyihalar, investitsiyalar va logistika: MIPT xalqaro muzokaralar o‘tkazdi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston Yaponiya va Latviya bilan iqtisodiy hamkorlikni izchil kengaytirishda davom etmoqda. Muzokaralarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, savdo yo‘nalishlarini kengaytirish hamda ilg‘or muhandislik yechimlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yangi loyihalar, investitsiyalar va logistika: MIPT xalqaro muzokaralar o‘tkazdi
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Yaponiyaning Nikken Sekkei arxitektura va injiniring kompaniyasi ijrochi direktori Ryuichi Kizumi bilan uchrashdi. Tomonlar arxitektura loyihalash, shaharsozlik hamda investitsiya loyihalarida zamonaviy muhandislik texnologiyalarini qo‘llash istiqbollarini muhokama qildilar.

Ijtimoiy, transport va jamoat infratuzilmasi obyektlarini loyihalashda yapon tajribasidan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yaponiya tomoni zamonaviy loyihalash texnologiyalarini joriy etish va arxitektura konsepsiyalarini ishlab chiqishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, vazir Latviyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Girts Yaunzems bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvda Hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishi qarorlari ijrosi hamda savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar O‘zbekiston–Latviya Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish, Toshkentda savdo uyi ochish, Made in Uzbekistan ko‘rgazmasi natijalari, farmatsevtika, agrosanoat, o‘g‘itlar, qadoqlash va baliq mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar, shuningdek Riga va Ventspils portlari orqali logistika yo‘nalishlarini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar belgilangan tashabbuslarni bosqichma-bosqich amalga oshirish va uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing