Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini tasdiqladi: banklar, neft va kripto sektori cheklovlarga uchradi

Iqtisodiyot

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini kelishib oldi va amaldagi cheklovlarni sezilarli darajada kengaytirdi. Yangi choralar bank tizimi, neft sohasi va raqamli aktivlar bozorini qamrab oladi, shuningdek Rossiyaning "yashirin floti" bilan bog‘liq kemalarga nisbatan yangi cheklovlarni nazarda tutadi.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketini tasdiqladi: banklar, neft va kripto sektori cheklovlarga uchradi
Kelishuvga erishilganini Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen ma'lum qildi. Uning aytishicha, yangi paket yana 32 ta Rossiya banki bilan tranzaksiyalarni taqiqlaydi. Cheklovlar kriptovalyuta kompaniyalari hamda neft savdosi bilan shug‘ullanuvchi platformalarga ham tatbiq etiladi.

Yevropa Komissiyasi rahbarining bildirishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiya nefti uchun yangi narx chegarasini ham belgiladi. Hozirda u bir barrel uchun 44,1 AQSH dollari miqdorida belgilangan. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning "yashirin floti"ga ko‘maklashayotgan deb hisoblangan kemalarga nisbatan ham sanksiyalar joriy etmoqda.

Ursula fon der Lyayen, shuningdek, Yevropa Ittifoqi Rossiya harbiy xizmatchilarining ittifoq hududiga kirishini rasman taqiqlash yo‘lida "muhim qadam" tashlanganini ma'lum qildi, biroq tashabbus tafsilotlarini oshkor etmadi.

Reuters agentligi diplomatik manbalarga tayanib xabar berishicha, yangi sanksiyalar paketida Rossiya suyultirilgan tabiiy gazini (LNG) uchinchi davlatlarga 12 oy davomida yetkazib berishga ruxsat beruvchi istisno ham mavjud. Agentlikka ko‘ra, mazkur qaror Gretsiyaning pozitsiyasini hisobga olgan murosaviy yechim bo‘ldi.

Avvalroq Afina Rossiya LNGsini uchinchi davlatlarga tashishni to‘liq taqiqlashga qarshi chiqqan edi. Natijada erishilgan murosa Yevropa Ittifoqiga yangi sanksiyalar paketini tasdiqlash imkonini berdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing