Zafar Hoshimov biznesning ijaraga olingan obyektlarga kiritgan investitsiyalarini himoya qilishni taklif qildi

O'zbekiston

O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun uzoqroq muddatli ijara shartnomalari va qo‘shimcha kafolatlarni nazarda tutuvchi tijorat ijarasining alohida huquqiy rejimini joriy etish taklif qilindi. Ushbu tashabbus bilan 18-avgust kuni Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan Prezidentning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida Anglesey Food (Korzinka) kuzatuv kengashi raisi va «Savdo va servis» assotsiatsiyasi raisi Zafar Hoshimov chiqdi.

Zafar Hoshimov biznesning ijaraga olingan obyektlarga kiritgan investitsiyalarini himoya qilishni taklif qildi
Uning ta’kidlashicha, biznes qisqa muddatli ijara shartnomalari, ijara haqining asossiz oshirilishi va norasmiy to‘lovlar bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. «Agar bu munosabatlar barqaror bo‘lmasa, tadbirkor uchun bu katta xavf», — dedi Hoshimov.

Tadbirkor ijara haqining rasmiy va norasmiy qismlarga ajratilishi amaliyotiga ham e’tibor qaratdi. «Men tadbirkorlarga aytmoqchiman: bu amaliyotni to‘xtatishimiz kerak», — dedi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijara haqining to‘liq rasmiy to‘lanishi har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lib, ijara xarajatlari tadbirkorning soliqqa tortiladigan bazasini kamaytirish imkonini beradi.

Hoshimov, shuningdek, shartnoma asossiz bekor qilingan taqdirda tadbirkorning ijaraga olingan obyektni ta’mirlash va rivojlantirishga kiritgan mablag‘larini himoya qilishni taklif qildi.

«Bizga tijorat ijarasi kabi huquqiy rejimni joriy etish zarur. Tijoratga kirayotgan odamlar uzoq muddatni ko‘zlaydi, shu rejim doirasida muddatlarni uzaytirish va tadbirkorlar uchun kafolatlarni oshirish kerak», — dedi u.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifni qo‘llab-quvvatlab, Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Adliya vaziri Akbar Tashqulov va Jamoatchilik kengashiga masalani birgalikda ishlab chiqishni topshirdi.

«Bu masalada tartib o‘rnatish vaqti keldi. Agar barchangiz takliflarni birgalikda shakllantirib, vakillarimiz bilan muhokama qilsangiz va ikki oy ichida aniq yechimlarni taqdim etsangiz, men ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman», — dedi davlat rahbari.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing