Zamonaviy texnologiyalar va ta’lim muzokaralar markazida

O'zbekiston

Tibbiyot kadrlarini tayyorlash, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiyaga xizmat safari davomida muhokama qilingan asosiy yo‘nalishlarga aylandi. Tomonlar qo‘shma ta’lim dasturlari, stajirovkalar va ilg‘or tajribani O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga joriy etish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Zamonaviy texnologiyalar va ta’lim muzokaralar markazida
Delegatsiya tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashning barcha bosqichlari — kasbga yo‘naltirish, o‘rta tibbiyot xodimlarini o‘qitish, shifokorlarning malakasini oshirish va rahbar kadrlarni tayyorlash tizimi bilan tanishdi.

Amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim, simulyatsion texnologiyalar, tibbiyot xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini baholash tizimi hamda malaka oshirish dasturlariga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shma ta’lim kurslari, o‘qituvchilar tayyorlash va O‘zbekiston mutaxassislari uchun stajirovkalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Delegatsiya Moskva sog‘liqni saqlash tizimidagi zamonaviy boshqaruv modeli, yangi avlod poliklinikalari, ko‘p tarmoqli shifoxonalar, bolalar tibbiyoti, palliativ yordam, laboratoriya diagnostikasi hamda sun’iy intellekt asosidagi telemeditsina imkoniyatlari bilan tanishdi.

Shuningdek, innovatsion simulyatsion markazlarda jarrohlarni tayyorlash va laboratoriya jarayonlarini raqamli boshqarish tajribasi o‘rganildi.

Muzokaralar yakunida tomonlar pilot loyihalarni ekspertlik bilan qo‘llab-quvvatlash, tibbiyot xodimlari bilimini baholashning zamonaviy usullarini joriy etish va raqamli sog‘liqni saqlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan qo‘shma reja ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Safar doirasida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida shifokorlar, olimlar, o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashuv ham o‘tkazildi. Unda sog‘liqni saqlash islohotlarida vatandosh mutaxassislar salohiyatidan foydalanish hamda tajriba almashish uchun professional tarmoq yaratish tashabbusi ilgari surildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing