Nigeriyada toshqinlar 170 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘ldi

Dunyo

Nigeriyada davom etayotgan kuchli toshqinlar tufayli 170 dan ortiq odam hayotdan ko‘z yumdi va 200 mingdan ortiq kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Bu haqda mamlakatning Favqulodda vaziyatlar milliy boshqarmasi vakili Manzo Ezekiel ma’lum qildi, deb xabar bermoqda TASS.

Nigeriyada toshqinlar 170 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘ldi
Mamlakatning shimoliy hududlari toshqinlardan eng ko‘p zarar ko‘rgan, ammo kuchli yomg‘irlar va Niger hamda Benue daryolaridagi suv sathining ko‘tarilishi boshqa hududlarda ham jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Suv manbalarining ifloslanishi tufayli xolera kasalligining tarqalish xavfi ortmoqda.

Nigeriya Gidrologik xizmat agentligi esa Niger daryosidagi suv sathining yana ham ko‘tarilishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Bu, yuqori oqimdagi mamlakatlardagi suv omborlaridan suvni favqulodda chiqarish bilan bog‘liq.

Nigeriya bilan chegaradosh Niger Respublikasi ham gumanitar inqiroz holatiga tushgan. U yerda oxirgi 50 yil ichida eng kuchli yomg‘irlar keng ko‘lamli toshqinlarga olib kelgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Niger daryosining toshishi natijasida poytaxt Niameyda ko‘plab mahallalar suv ostida qolgan, 150 kishi halok bo‘lgan va o‘n minglab odamlar boshpanasiz qolgan.

Bundan tashqari, daryo yuqori oqimida joylashgan Mali hukumati ham kuchli toshqinlar tufayli tabiiy ofat holatini e’lon qildi. Bu mamlakatda tabiiy ofat 30 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 104 kishi jarohatlangan va 47 ming kishi uysiz qolgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing