Andijon 2026-yilda turkiy dunyoning madaniy poytaxti deb e’lon qilindi

O'zbekiston

TURKSOYning Doimiy kengashi qarori bilan Andijon 2026-yilda turkiy dunyoning madaniy poytaxti etib e’lon qilindi — ushbu yangilik yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan katta qo‘llab-quvvatlash bilan kutib olindi.

Andijon 2026-yilda turkiy dunyoning madaniy poytaxti deb e’lon qilindi
Qozog‘istonning Aktau shahrida TURKSOY — Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotining 42-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda turkiy davlatlarning madaniyat vazirlari va tashkilot bosh kotibi Sultan Rayev ishtirok etdi.

Yig‘ilishda tashkilotning joriy yildagi faoliyati ko‘rib chiqildi, 2026-yil uchun rejalashtirilgan tadbirlar, qo‘shma loyihalar va turkiy dunyo madaniy hamkorligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Gabala sammitida qabul qilingan “TURKSOY faoliyatini rivojlantirish va mustahkamlash to‘g‘risida”gi qarorni ijro etish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ushbu hujjatning ahamiyatini qayd etib, uning amalga oshirilishi TURKSOYning xalqaro maqomini yanada oshirishini ta’kidladi. U bir qator taklif va tashabbuslarni ham ilgari surdi.

TURKSOY an’anasiga ko‘ra, har yili turkiy davlatlarning bir shahri “Turkiy dunyo madaniy poytaxti” deb e’lon qilinadi. Bunday maqom keng ko‘lamli madaniy tadbirlar, festivallar, ilmiy konferensiyalar va xalqaro uchrashuvlar tashkil etilishiga zamin yaratadi hamda milliy madaniyatni global darajada targ‘ib etadi.

Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, Andijon 2026-yil uchun turkiy dunyoning madaniy poytaxti sifatida tanlandi. Qaror yig‘ilishda olqishlar bilan qabul qilindi. Kun davomida “Aktau — turkiy dunyo madaniy poytaxti 2025” tadbirlarining yopilish marosimida Andijon shahar hokimligiga maxsus sertifikat topshiriladi.

Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi va hujjatlar imzolandi. Ma’lumot uchun, 2020-yilda Xiva turkiy dunyoning madaniy poytaxti bo‘lgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing