Apple va Alibaba kelishuvga erishdi

Texnologiya

Xitoyning texnologik giganti Alibaba Apple bilan Xitoy bozoriga mo‘ljallangan iPhone’larda o‘z sun’iy intellekt (AI) yechimlarini joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu qadam Alibaba uchun AI sohasidagi raqobatda katta g‘alaba bo‘lsa, Apple uchun esa asosiy hududlaridan birida smartfon savdosining pasayishini qoplash imkoniyatidir.

Apple va Alibaba kelishuvga erishdi
Hamkorlik haqidagi mish-mishlar bir necha oydan beri tarqalgan edi, chunki Apple Baidu, Tencent va ByteDance kabi sanoat yetakchilari orasidan Xitoyning sun’iy intellekt bo‘yicha munosib hamkorini qidirayotgan edi. Oxir-oqibat "Alibaba" tanlandi. "Ular bizning sun’iy intellektdan o‘z telefonlari uchun foydalanishni xohlashdi va biz bu hamkorlikdan faxrlanamiz," - dedi Alibaba raisi Jozef Say Dubayda bo‘lib o‘tgan Jahon hukumati sammitida.

Apple Xitoyda sun’iy intellektning ilg‘or imkoniyatlariga ega smartfonlarni taklif qiluvchi Huawei va Vivo kabi mahalliy brendlarning shafqatsiz raqobati sharoitida qiynalmoqda. 2024-yilda Apple’ning Xitoydagi savdosi 17 foizga tushib ketdi, bu esa kompaniyaning bozordagi yetakchiligini yo‘qotishiga olib keldi. Tahlilchilarning fikricha, "Alibaba"ning sun’iy intellekt integratsiyasi iste’molchi uchun kurashda muhim omil bo‘lishi mumkin.

"Alibaba" aksiyalari yangiliklar fonida 9 foizdan ko‘proqqa o‘sib, uch yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Shu bilan birga, Apple hamkorlik tafsilotlari va o‘z qurilmalariga sun’iy intellektni joriy etish rejalarini hali oshkor qilmagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing